17:40 / 12.12.2017
16109

«Manchester Siti» superrekord arafasida. APLda tur o‘yinlari anonsi

Angliya premer-ligasi 17-turidan o‘rin olgan uchrashuvlar bu safar haftaning o‘rtasida o‘tkazilmoqda. Bu safargi turda ham bir qator qiziqarli voqealar kuzatilishi mumkin. Misol uchun, «Suonsi» mehmoni bo‘ladigan Xosep Gvardiola boshchiligidagi «Manchester Siti» g‘alaba qozongan taqdirda Angliya premer-ligasi tarixida g‘alabali seriya bo‘yicha mutlaq rekordchiga aylanishi mumkin.

Shu va boshqa juda ko‘plab qiziqarli faktlarga boy tur o‘yinlariga Tribuna.Uz an'anaviy ravishda batafsil to‘xtalib o‘tadi.

Angliya premer-ligasi
17-tur

«Haddersfild Taun»  –  «Chelsi»
Boshlanish vaqti:
 13 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00
Translyatsiya: Futbol TV, Match TV, Match! Futbol 1.

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
«Haddersfild Taun» APL doirasida o‘z uyida kechgan so‘nggi 4 uchrashuvning 3tasida g‘alaba qozongan, faqatgina «Manchester Siti»ga qarshi uchrashuvda imkoniyat boy berilgan.

«Haddersfild» 16 uchrashuvdan so‘ng 18 ochko to‘plab, o‘tgan yili APLga chiqqan uchala chempionship vakillari «Byornli» (16), «Midlsbro» (15) va «Hall Siti»dan (12) ham ko‘proq ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.

«Jon Smit» stadioni «Chelsi» uchun APLda g‘alabaga erishilgan 50-stadion bo‘lishi mumkin. Bu borada jamoa eng yaxshi ko‘rsatkichlar bo‘yicha «Liverpul» (53ta stadionda g‘alaba qozongan), «Arsenal» va «MYu»dan (ikkalasi — 50) keyin to‘rtinchi jamoadan biri bo‘lib turibdi. 

Eden Azar shu kunga qadar «Chelsi»ning APLdagi 99 golida ishtirok etgan (62 gol, 37 golli pas) va u bugun «Chelsi» tarixida bu marrani zabt etgan to‘rtinchi futbolchi bo‘lishi mumkin. Hozirgacha londonliklar safida Frenk Lempard (237ta golda ishtirok etgan), Dide Drogba (159) va Janfranko Zola (101) 100lik dovondan oshishga muvaffaq bo‘lgan.

Yo‘qotishlar
«Haddersfild» tarkibida yangi jarohat olganlar yo‘q. Radjiv Van La Parra diskvalifikatsiyadan so‘ng, Maykl Hefele esa jarohatidan so‘ng safga qaytadi.

«Chelsi» hujumchisi Alvaro Morata va David Luiz jarohati sabab bu uchrashuvda maydonga tusha olmaydi. Yarimhimoyachi Denni Drinkuoter esa tuzalib, o‘yinga tushishga shay bo‘lib turibdi.


«Suonsi»  –  «Manchester Siti»
Boshlanish vaqti: 
14 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45
Translyatsiya: UzReport TV, Match! Futbol 1.

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
«Manchester Siti» 15-g‘alaba sari qadam tashlamoqda. Agar jamoa bu ishni uddalasa, «Arsenal» tomonidan 2002 yil, ikki mavsumda o‘rnatilgan 14 uchrashuvlik mutlaq rekordni yangilagan bo‘ladi.

«Manchester Siti» Premer-liga doirasida «Suonsi»ga qarshi o‘yinlarning 75 foizida (12 uchrashuvdan 9tasida) g‘alaba qozongan. Bu jamoaning APLda besh martadan ortiq duch kelgan raqiblari bilan uchrashuvlardagi eng yaxshi ko‘rsatkich sanaladi. «Siti» hech bir jamoa bilan o‘yinlarda bu qadar ko‘p foizda g‘alaba qozonmagan.

Umuman, «Suonsi» APLga qaytganidan buyon «Siti»ni faqat bir marta (2012 yil, mart) mag‘lub etgan. O‘shanda jamoa ligada debyut qilgandi. «Manchester Siti» esa yakunda uzoq tanaffusdan so‘ng chempionlikni qo‘lga kiritgandi.

«Suonsi» tarkibida to‘p surayotgan «Manchester Siti»ning sobiq futbolchisi Vilfrid Boni ketma-ket ikki uchrashuvda gol urishga muvaffaq bo‘ldi va bu turda gol ursa, 2014 yilning oktabridan buyon ilk marta ketma-ket uchta uchrashuvda gol kiritishni uddalashi mumkin bo‘ladi.

Kevin De Bryuyne bir taqvim yilida 17ta golli pas berishga ulgurdi. Bu borada faqatgina Mesut O‘zil (2015 yilda 20ta) va Terri Anri (2003 yil 19ta) undan yaxshiroq ko‘rsatkich qayd etgan. Kevinda bu borada rekord o‘rnatishi uchun yana 4 uchrashuv bor.

Yo‘qotishlar
«Manchester Siti» tarkibida jarohat olgan Jon Stounz va Benjamen Mendi safiga hafta oxirida Vensan Kompani ham qo‘shildi. Bu uch futbolchi ham yaqin vaqtlarda jamoasiga yordam bera olmaydi.

«Suonsi» tarkibida esa bunday yo‘qotishlar yo‘q.

«Liverpul»  –  «Vest Bromvich»
Boshlanish vaqti: 
14 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45
Translyatsiya: Match! Arena

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
«Liverpul» Premer-liga doirasida «Vest Bromvich»ga qarshi 8 uchrashuvdan buyon mag‘lubiyatga uchramay kelmoqda (4 g‘alaba, 4 durang), bundan oldin esa ketma-ket 3ta uchrashuvda (2tasi «Enfild»da) mag‘lub bo‘lgandi.

«Vest Bromvich» «Enfild»da o‘tkazgan so‘nggi 6 uchrashuvida (2 g‘alaba, 1 durang, 3 mag‘lubiyat) kamida bitta bo‘lsada gol kiritishni uddasidan chiqmoqda. Umumiy hisobda shu davrda jamoa mezbonlar darvozasiga 8ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

«Liverpul»ning «Enfild»dagi (barcha musobaqalarda) mag‘lubiyatsiz o‘yinlari soni 14taga (8 g‘alaba, 6 durang) yetdi.

Muhammad Saloh 2013/14 yilgi mavsumdan buyon barcha musobaqalarda 20tadan ortiq gol kiritgan «Liverpul»ning ilk futbolchisi bo‘lishi mumkin. 4 mavsum avval Luis Suares va Deniel Starridj bu natijani zabt etishgandi.


«Manchester Yunayted»  –  «Bornmut»
Boshlanish vaqti: 
14 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00
Translyatsiya: Futbol TV, Match TV.

O‘yinoldi qiziqarli faktlar

«Bornmut» Premer-liga doirasida «Manchester Yunayted»ga qarshi 4 marta maydonga tushgan bo‘lib, ularning barchasida hech bo‘lmasa bitta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan. 4 uchrashuvning bittasida g‘alaba qozongan.

«Bornmut» Premer-Liga doirasidagi to‘rtta uchrashuvdan buyon mehmonda mag‘lubiyatga uchramayapti. Bu eng uzoq davom etgan seriyalardan biri (2016 yilning yanvaridan martigacha 5ta ketma-ket uchrashuvda yutqazmagan).

Romelu Lukaku APL doirasidagi «Bornmut»ga qarshi 4 uchrashuvda 5ta gol kiritgan. Jumladan, so‘nggi marta (6-3, «Everton» safida 2017 yil fevralda) bo‘lib o‘tgan uchrashuvda pokerga erishgan.

Jyermeyn Defo «Yunayted» darvozasini «Tottenhem» va «Vest Hem» futbolchisi sifatida ishg‘ol qilgan. Agar u bu turda gol uradigan bo‘lsa,«qizil iblislar» davrozasini uch xil jamoa safida ishg‘ol qilgan 8 futbolchi safiga qo‘shiladi.

Yo‘qotishlar
«Manchester Yunayted» tarkibida Erik Bayi jarohati, Pol Pogba diskvalifikatsiya tufayli uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. «Bornmut»da bu borada muammolar yo‘q.


«Tottenhem»  –  «Brayton»
Boshlanish vaqti: 
14 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
«Brayton» Harri Keyn APLda duch kelgan 27-jamoa bo‘lishi mumkin. Keyn oldin o‘ynagan 26 turli jamoalarning 25tasi darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘lgan. Faqat «Kardiff Siti»ga qarshi o‘yinlarda u muvaffaqiyat qozona olmagan.

Keyn APLda 2017 taqvim yilida 32 uchrashuvda maydonga tushib, 33ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Alan Shirer tomonidan 1995 yilda o‘rnatilgan rekord (36ta gol) natijaga yana 3ta gol yetishmayapti.

«Brayton» joriy mavsumda darvozalarga eng kam (135ta) zarba bergan jamoa sanaladi. Shuningdek, klub so‘nggi 4 uchrashuvda 1ta gol ura olgan.

Son Hyong Min «Tottenhem» tarkibida so‘nggi 11 uchrashuvda maydonga tushib, 9ta golda (6 gol, 3 golli pas) ishtirok etgan.

Yo‘qotishlar
«Tottenhem» tarkibida Tobi Alderveyreld, Yan Vertongen va Viktor Vanyama jarohati sabab maydonga tusha olmaydi. Erik Lamela uzoq tanaffusdan so‘ng yana asosiy tarkibda maydonga tushishi imkoniyatiga ega bo‘ladi.

«Vest Hem»  –  «Arsenal»
Boshlanish vaqti: 
14 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00
Translyatsiya: Match! Futbol 2

O‘yinoldi qiziqarli faktlar

«Arsenal» «Vest Hem»ni mehmonda 12 marotaba mag‘lub etgan. Boshqa birorta jamoani ular bunchalik ko‘p mehmondagi uchrashuvda yuta olmagan.

Bu «Vest Hem»ning o‘z uyida o‘tkazayotgan 100-derbisi bo‘ladi. Shu kunga qadar jamoa 99 marta o‘z uyida London derbisini o‘tkazgan bo‘lib, ularning 36tasida g‘alaba (22 durang, 41 mag‘lubiyat) qozongan.

Olive Jiru yana bitta uchrashuvda zaxiradan maydonga tushib gol ursa, APLda bitta jamoa safida zaxiradan maydonga tushib gol urish bo‘yicha Ole-Gunnar Sulsherga tegishli (17ta gol urgan) rekordini yangilashi mumkin.

Mesut O‘zil «Vest Hem»ga qarshi so‘nggi 3 uchrashuvdan buyon gol urmoqda, shuningdek, so‘nggi ikki uchrashuvdan buyon kamida bitta golli pasni amalga oshirishning uddasidan chiqyapti.

Yo‘qotishlar
«Vest Hem»da yo‘qotishlar yo‘q. Chicharito umumiy guruhga qaytgan va bu uchrashuvda maydonga tushishi mumkin.
«Arsenal» tarkibida Santi Kasorla uzoq muddatdan buyon o‘ynamayotgan bo‘lsa, Shkodran Mustafi uning safiga qo‘shilgan, Teo Uolkott esa maydonga tushishi mumkin.

Boshqa uchrashuvlar
«Byornli» - «Stok Siti»

Boshlanish vaqti: 13 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45

«Kristal Pelas» - «Uotford»
Boshlanish vaqti:
 13 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00

«Nyukasl» - «Everton»
Boshlanish vaqti:
 14 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45

«Sauthempton» - «Lester»
Boshlanish vaqti: 
14 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45

Azamat Murodov tayyorladi

Mavzuga oid
Top