12:35 / 12.12.2017
58143

«Ro‘molingizni boshqacha o‘rang...». Kontsertda bo‘lgan hangoma

Foto: Wikipedia

«Dizayn» guruhi konsert beradigan bo‘lib qoldi. Og‘ir o‘tgan ish haftasidan so‘ng ma'naviy hordiq chiqarish maqsadida rafiqam bilan «Istiqlol» san'at saroyiga tashrif buyurdik. Hammasi ana shundan keyin boshlandi...

Kontsertga tashrif buyurganlar ko‘p. O‘zaro suhbatlashishgan, kulishishgan, hovliqishgan, bir-birlarini izlayotgan odamlarga qarab kayfiyating ko‘tariladi. Sen ham mana shu odamlar orasiga singib ketasan. Turtinib, siqilishib, ichingda bir o‘zgacha hayajon bilan odimlaysan. Ammo kutilmaganda ayrim ishlar bo‘ladi-ki, tarvuzing qo‘ltig‘ingdan tushadi, aqling shoshib, nima qilaringni bilmay qolasan...

Gap shundaki, o‘sha kungi konsertga tashrif buyurayotgan odamlarning chiptasini tekshirayotgan IIB xodimlaridan biri rafiqamning ro‘mol (hijob)da ekanligidan hayratlandi va dedi: “Ro‘molingizni boshqacha o‘rab kiring iltimos, tushunasiz-ku, hozir zamon nozik...”.

Vaziyatni bilish maqsadida IIB vakiliga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lgan voqeani so‘zlab berdim. U hayron qoldi. “Bizda bunday chora-tadbirlar belgilanmagan, barchasi risoladagidek. Hijobda yurgan ayollarning barcha qatori teng haq-huquqi bor. Ular konsertga tushishmasin, degan gap yo‘q”, dedi. Haqiqatan ham shunday. Chunki bir kun oldin rafiqasi bilan konsertga tushgan do‘stimga hech kim, hech narsa demagan, holbuki, uning rafiqasi ham hijobda edi.

O‘sha kuni rafiqamning, qolaversa, o‘zimning ham ta'bim xira bo‘lgani va bunday kayfiyatda konsert tomosha qilib bo‘lmasligi uchun unga kirmadim... Bir xodimning shaxsiy prinsiplarigami, ishining mohiyatiga tushunmaymi yoki biz bilmagan holatlar yuzasidanmi hijob borasida qilgan ishi ham qiziq, ham kulgili tuyuldi.

Bu agar davlat tomonidan, tegishli qonunlar asosida taqiqlanganda-ku, mayli edi. Ammo, o‘zi bilganicha, “hijobli-mi, demak qarash kerak, tekshirish kerak”, degan tushuncha bilan ishlayotgan ayrim IIB xodimlarining ishi kishini o‘ylantiradi...

O‘z muxbirimiz

Top