19:00 / 12.12.2017
82217

Telegram aka-uka Azimovlar sabab jazolandi

© RIA Novosti / Kirill Kallinikov

Telegram egalari advokati Dmitriy Dinze sudda messenjer 800 ming rublga jarimaga tortilganini aytdi. RIA "Novosti" shu haqida xabar berdi.

Gap shundaki, FXX Sankt-Peterburgdagi teraktni sodir etishda ayblanayotgan aka-uka Azimovlarga tegishli raqamlardan kelib tushgan xabarlar shifriga so‘rov bergan, dedi huquqshunos. 

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, ular hujumga qadar bu raqamlardan foydalanishni to‘xtatishgan.

Moskva shahar sudi bugun Telegram shikoyatini ko‘rib chiqishga maxsus xizmat vakili va prokurorni jalb qilishdan bosh tortdi. 

Advokat Ramil Axmetgaliyevning izoh berishicha, FXX ma'muriy huquqbuzarlik haqida protokol tuzgan, prokuror esa "jamoatchilik manfaati" sabab jarayonda ishtirok etishi kerak. "Kompaniya faoliyati bloklanishi mumkin, bu rossiyalik olti milliondan ziyod foydalanuvchi huquqini buzadi", - deya ta'kidladi u.

Oktyabr oyi o‘rtasida jahon sudi messenjerni FXXga ma'lumot yetkazishdan bosh tortgani uchun jarimaga tortish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. Telegram million rublgacha jarimaga tortilish xavfi ostida qolgandi. 

Messenjer asoschisi Pavel Durov Federal xavfsizlik xizmati talabi konstitutsiyaga zid ekani va ularni texnik jihatdan bajarish imkoni yo‘qligini ma'lum qilgan. Kompaniya jarimaga tortildi. Advokat Pavel Chikovning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarni faqat sud qarori asosida nazorat qilish mumkin, FXX esa deshifr uchun ma'lumotga so‘rov berib, uni taqdim etgani yo‘q. 

Sankt-Peterburgdagi terakt 3 aprel kuni sodir bo‘lgandi. Portlash "Sennaya ploshchad" va "Texnologicheskiy institut — 2" metro bekatlari o‘rtasidagi o‘tish yo‘lakchasida ro‘y bergan. Natijada 16 kishi halok bo‘lgan, shu jumladan xudkush-terrorchi deya e'lon qilingan Akbarjon Jalilovning o‘zi ham. 11 nafar ayblanuvchi hibsda, aka-uka Abror va Akrom Azimovlar ham shular jumlasidandir. Tergov Abrorni hujum tashkilotchilaridan biri deb hisoblamoqda.

Mavzuga oid
Top