11:55 / 13.12.2017
11600

Suriya va Iroqdagi qozog‘istonlik bolalar soni aytildi

Foto: RIA "Novosti"

Qozog‘iston hukumatining ma'lum qilishicha, Suriya va Iroqdagi mojarolar hududida ayni damda 390 nafar qozog‘istonlik bola bor. «214 o‘g‘il bola va 176 qiz bola. Bu ancha katta raqamlar», - deya ma'lum qildi Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurgali Bilisbekov Ostona shahrida 12 dekabr kuni.

«Bolalarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha bizni juda katta ishlar kutib turibdi», - deya qo‘shimcha qilib o‘tgan u Qozog‘iston parlamenti senati yig‘ilishida chiqish qilib.

Qozog‘iston hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil ichida «qaynoq nuqtalardan» 63 bola vataniga qaytarilgan. Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, yana kamida 50 nafar bolani olib kelish kutilmoqda. «Biz bu raqamlar haqiqatga mos kelishini kafolatlay olmaymiz», - deydi Bilisbekov.

Joriy yilda respublika hukumati Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar va qonunchilikka qator tuzatishlar kiritdi, ular terrorchilik yoki boshqa o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarni fuqarolikdan mahrum etishni nazarda tutadi.

Hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil ichida Suriya hamda Iroqdagi jangovar harakatlar hududlariga qozog‘istonlik yuzlab fuqarolar yo‘l olgan.

Top