17:30 / 14.12.2017
11958

«Siti»ning superrekordi va «Yunayted»ning kamtar g‘alabasi. APLda tur o‘yinlari

«Tribuna» Angliya chempionatining 17-turi yakunlarini ko‘rib chiqadi.

«Manchester Siti» APLning 17-turida «Suonsi Siti»ni 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bu g‘alaba evaziga «Manchester Siti» APL rekordchisiga aylandi. Xosep Gvardiola shogirdlari Angliya chempionatida qatorasiga 15 uchrashuvda g‘alaba qozondi. Bundan avvalgi rekord «Arsenal»ga tegishli edi. Londonliklar 2001/02 yilgi mavsumning oxirgi 13 turida 13 g‘alabaga erishgan, keyingi mavsumning birinchi turidagi g‘alaba evaziga bu seriya 14 o‘yinga yetkazilgandi. Bu natijadan keyin «shaharliklar» jamoasi bosh murabbiyi Xosep Gvardiola bir yo‘la uchta yetakchi ligada noyob rekord qayd etdi. U Yevropaning yetakchi chempionatlari Angliya, Ispaniya va Germaniyada ketma-ket g‘alaba qozonish bo‘yicha mutlaq rekordchiga aylanib oldi.

PeShQADAMLARDA MUAMMOLAR?

«Manchester Siti» alohida olamda yashayapti va u yerda hammasi yaxshi. Ammo keyingi o‘rinlardagi jamoalarda charchoq alomatlari yaqqol sezilyapti.

Xususan, «Manchester Yunayted» soddagina «Bornmut» darvozasiga atigi bir gol kiritdi va ikkinchi bo‘limda to‘liq himoyada o‘ynashdan uyalmadi. Aslida derbidagi mag‘lubiyat va janjalli voqealardan keyin, ko‘pchilik «Old Trafford»da boshqacharoq «MYu»ni ko‘rishni kutgandi. Yo‘q. Mourino jamoasi goldan tashqari biror tomondan «Bornmut»dan ustunligini ko‘rsata olmadi.

«Liverpul» esa, noyabr oyidagi super o‘yinlarini unutib qo‘ygan. Qator o‘yinlardagi yirik g‘alabalardan keyin, gollar tugab qoldi chog‘i, «Enfild»dagi qatorasiga ikki o‘yinda g‘alaba qozonishning uddasidan chiqa olmadi. Ushbu o‘yinlardagi g‘alabalar Klopp jamoasini 3-o‘ringa olib chiqishi mumkin edi.

«Arsenal» esa, safardagi o‘yinlardagi omadsizlikni davom ettirmoqda. O‘z maydonidagi o‘yinlar bo‘yicha ligada 3-ko‘rsatkichni qayd etib turgan «to‘pchilar» safar o‘yinlarida atigi 9 ochko oldi xolos. Yaxshiyamki, so‘nggi daqiqalarda Chicharitoning zarbasi darvoza to‘siniga tegdi, aks holda, jamoa mavsumdagi o‘zining 6-mag‘lubiyatini qabul qilib olishi mumkin edi.  

Umumalashtirib oladigan bo‘lsak, yuqoridagi jamoalarning sport formasi oldingi o‘yinlardan tubdan farq qilmoqda va charchoq alomatlari sezilib qolayotgandek.

«BYoRNLI» YaNGI «LeSTeR»MI?

Top-6ga «uyalmasdan» kirib olayotgan jamoa esa, ko‘pchilik uchun kutilmaganda, Shon Daychning «Byornli» jamoasi. «Byornli» bir kunga bo‘lsa ham, kuchli to‘rtlikka kira oldi, 17 turdan keyin «Liverpul», «Tottenhem» kabi jamoalar bilan bir xil ochko to‘plagani, «Arsenal»ni ortda qoldirayotgani haqiqatan ham jamoaning ancha kuchli ekanidan darakdir.

«Byornli» qaysidir jihatdan «Lester»ni ham eslatib yubormoqda va balki, peshqadamlar o‘sha mavsumdagi beqarorlikni takrorlashayotgan bo‘lganida, «Byornli»dan ham mo‘'jizalar kutayotgan bo‘larmidik. O‘xshash jihati, jamoa himoyada juda mustahkam, ligada faqat ikki Manchester klubigina «Byornli»dan kamroq gol o‘tkazgan xolos. 2017 yilda jamoa 8 marotaba 1:0 hisobida g‘alaba qozonganini ham alohida ta'kidlash kerak.

«UOTFORD»NING SO‘NGGI DAQIQALARI

Gollivud filmlarining xususiyatlaridan biri filmning eng oxirgi lavhalarida barchasi boshdan oyoq o‘zgarib ketishidir. Bunday yakunlar ko‘pincha, filmning kamchiliklarini yopadi, tomoshabinda rozilik hissini paydo qiladi.

«Uotford»ning ushbu mavsumdagi o‘yinlari haqida ham shunday deyish mumkin. Aslida, so‘nggi daqiqalarda ko‘proq gol urgan boshqa jamoalar mavjud, ammo aynan «Uotford» ishtirokidagi o‘yinlarda so‘nggi daqiqalardagi gollar uchrashuv taqdirini butunlay o‘zgartirib yuborgan.

Markus Silva jamoasi 4 o‘yinning so‘nggi daqiqasida gol urgan va bu gollarning 2 tasi g‘alaba gollari bo‘lsa, yana 2 tasi jamoaga durang sovg‘a qilgan. Ya'ni 90-daqiqada «Uotford» 6 ochko qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Bu hammasi emas – 2 o‘yinda «Uotford» raqiblari aynan 90-daqiqada 3 gol urishgan (bir durang va bir mag‘lubiyat) va buning natijasida jamoa 5 ochkodan mahrum bo‘lgan.

Mana shu ssenariy 17-turda, «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinda ham ro‘y berdi. Butun o‘yin davomida hisobda oldinda borgan «Uotford» oxirgi uch daqiqada ikki marotaba to‘pni o‘z darvozasidan olib chiqdi. Qaysidir ma'noda, jamoa yarim himoyachisi Tom Kleverlining maydondan chetlatilishi «Kristal Pelas»da qo‘shimcha ishonch paydo qilgan bo‘lishi mumkin.

«SeNT MERIS»DA YaPONLAR OQShOMI

Klod Pyuel «Lester»ga kelib, vaziyatni o‘nglashga muvaffaq bo‘ldi. «Lester» qatorasiga to‘rtinchi g‘alaba erishdi, murabbiy esa, birato‘la, o‘zini iste'foga chiqarib yuborgan sobiq jamoasidan o‘ch oldi. «Manchester Siti», «Arsenal» kabi jamoalarga munosib qarshilik qila olgan «Sauthempton» «Lester»ga qarshi o‘yinda sochilib ketdi – 1:4.

Shu o‘rinda boshqa bir faktni e'tirof etish joiz. Kecha «Sent Meris»da kiritilgan 5 goldan 3tasi yaponiyalik futbolchilar hisobiga yozildi. Mezbonlar safida markaziy himoyachi Yoshida gol muallifi bo‘lgan bo‘lsa, «Lester» hujumchisi Shinji Okazaki dubl qayd etdi.

Bu voqea bir uchrashuvda ikki osiyolik futbolchi gol muallifi bo‘lgan ilk o‘yin sifatida APL tarixiga kirdi.

«KRISTAL PELAS» SO‘NGGI O‘RINNI TARK ETDI

Mavsum boshida qatorasiga 8 o‘yinda ochko qo‘lga kiritish tugul, birorta ham gol ura olmagan «burgutlar» go‘yoki qutqarib bo‘lmas holatga kelib qolgandi. Ammo Roy Hojsonga tahsinlar o‘qish kerak, tajribali murabbiy jamoa o‘yinida va muhimi, natijalarda ijobiy o‘sishga erisha oldi.

Jamoa 6 o‘yindan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Ikki g‘alaba va 4 durangga erishgan «Kristal Pelas» ochkolari sonini 14taga yetkazdi va endi 17-o‘rindagi «Vest Bromvich»dan faqat to‘plar nisbati bo‘yicha ortda qolmoqda xolos.

Ammo «Boksing dey» haftasida Hojson shogirdlariga oson bo‘lmasligi aniq. «Kristal Pelas» avvaliga «Suonsi» va «Lester»ga safar qilishadi, keyin esa, o‘z maydonlarida «Manchester Siti» va «Arsenal»ni qabul qilishadi. Taxmin qilish mumkinki, bu o‘yinlarning har birida hatto bir ochko uchun ham juda hatta mehnat talab qiladi.

Shu o‘rinda, xuddi shunday vaziyatda bo‘lgan Londonning boshqa jamoasi «Vest Hem»ning o‘z maydonida «Chelsi» va «Arsenal»ni qabul qilib, 4 ochko olganini eslash mumkin. Umuman, «burgutlar» uchun ham jamoa nomi u qadar ahamiyatli emas, ularning bu mavsumdagi ilk g‘alabasi kimning ustidan qo‘lga kiritganligini ham unutmaylik – «Chelsi». 

PReMeR LIGADA AUTSAYDeR KIM?

Balki ushbu mavsum chempionlik masalasi juda erta hal bo‘lishi bilan esda qolar, lekin turnir jadvalining ikkinchi yarmi haqida gap borganda, kurash juda qizg‘in bo‘lishini e'tirof etish lozim.

Bunga o‘ziga yarasha sabab ham bor. Mavsum boshida, «Kristal Pelas», «Vest Hem», «Lester», «Everton» kabi klublarning omadsiz o‘yinlari ularni autsayderga aylantirgan, aksincha, «Brayton», «Haddersfild», «Nyukasl», «Bornmut» jamoalari yuqori o‘rinlarda borgandi. Baribir potensial va tarkib jihatidan yuqoriroq imkoniyatga ega bo‘lgan birinchi guruh jamoalar bosh murabbiyni almashtirib, natijalarni yaxshilab borishmoqda, liga debyutantlari esa, o‘sha ilk turlardagi kiritilgan ochkolar evaziga, o‘ziga nisbatan ishonchni singdirib olishdi. Oqibatda, hozirda ligada o‘zini autsayder his qiladigan jamoalar deyarli yo‘q. Balki, o‘sha «Everton» yoki «Kristal Pelas» dastlabki turlardan ishonchni oqlaganda, «Brayton» kabi klublar autsayder maqomiga tushib qolishar va u yerdan chiqa olishmasdi.

Bugungi vaziyatga kelib aytish mumkinki, qaysidir ma'noda «Suonsi»dan boshqa barcha klublar yuqori o‘rinlarga chiqib borish uchun barcha imkoniyat va salohiyatga ega. Qiziq bo‘ladi. 

MURABBIY ALMAShTIRIShDAN QO‘RQMANG!

RAQAMLAR: Mavsumni yomon boshlagan va bosh murabbiyni almashtirib natijalarini keskin yaxshilay olgan jamoalar

  • «KRISTAL PELAS»: So‘nggi 6 o‘yinda mag‘lubiyatga uchramadi va 10 ochko qo‘lga kiritdi. Avvalgi 11 o‘yinda qo‘lga kiritilgan ochkolar soni – 4
  • «EVeRTON» oxirgi 4 o‘yinda 10 ochko oldi va 3 o‘yinda o‘z darvozasini daxlsiz saqladi. Undan avvalgi 13 o‘yinda atigi 1 o‘yinda gol o‘tkazib yubormagandi xolos.
  • «VeST HEM» sentabr oyidan beri ilk g‘alabasiga erishdi. «Chelsi» va «Arsenal»ga qarshi o‘tgan derbilarda 4 ochko oldi.
  •  «LeSTeR»: Jamoa yangi murabbiy Klod Pyuel kelganidan so‘ng, o‘tkazilgan 8 o‘yindan 17 ochko oldi. Bu ligada 6-ko‘rsatkich bo‘lib, «MYu» va «Liverpul»dan atigi 1taga kam, «Arsenal» va «Tottenhem» jamoalari to‘plagan ochkolaridan ko‘proqdir. 

HAFTA STATISTIKASI:

Romelu Lukaku kecha «Bornmut» jamoasi darvozasiga gol urdi va ushbu gol «Manchester Yunayted»ga g‘alaba keltirdi. Belgiyalik hujumchining bundan avvalgi goli «Nyukasl» darvozasiga kiritilgan edi.

Shunday qilib, o‘tgan mavsum boshidan buyon Romelu Lukaku 38 o‘yinda maydonga tushib, 30 gol kiritgan va eng qizig‘i, bu gollarning hammasi Top-6 dan tashqari jamoalar darvozasiga urilgan. Lukaku «Everton» safida ham, «Manchester Yunayted» safida ham, o‘tgan mavsumdan buyon top jamoalar darvozasini ishg‘ol qila olmayapti. 

17-tur o‘yinlari

17 turdan keyin turnir jadvalidagi vaziyat

Mavzuga oid
Top