09:36 / 14.12.2017
24507

Tojikiston Afg‘oniston bilan chegarani yopdi

Foto: Aziya-Plyus

Tojikiston hukumati tojik-afg‘on chegarasidagi bitta nazorat o‘tkazish punktini yopdi va Panj daryo ustida joylashgan beshta ko‘prikda harakatlanishni to‘sib qo‘ydi. Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati va Shamsiddiniy Shoxin tumanidagi chegaraoldi bozorlarda odamlar deyarli yo‘q. Farxor tumanining Kokul aholi punktidagi nazorat o‘tkazish punkti orqali yuk avtomashinalarining harakati ham to‘xtatildi.

Xatlon viloyati ma'muriyatidan xabar berishicha, Afg‘oniston bilan chegaradagi juda katta hudud – Shamsiddiniy Shoxin tumanidan Tog‘li Badaxshonga qadar – xavfsizlik nuqtai nazaridan vaqtinchalik yopib qo‘yilgan.

Afg‘onistonning Badaxshon viloyati gubernatori Ahmad Faysal Bekzod 13 dekabr kuni Tojikiston bilan chegara yopilganini tasdiqladi. «Biz hozirda Tojikiston tomoni bilan chegaralarni ochish masalasida muzokaralar olib bormoqdamiz. Bu viloyat aholisi uchun muhim, sababi yilning bu davrida kuchli qorlar tufayli Afg‘onistonning markaziy qismiga borish deyarli imkonsizdir. Odatda kuzda va qishda oziq-ovqat mahsulotlarini faqat Tojikistondan sotib olamiz», - deya aytib o‘tdi afg‘onistonlik amaldor.

Biroq Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Chegara qo‘shinlari bosh boshqarmasi matbuot kotibi Muhammad Ulug‘xo‘jayevning ma'lum qilishicha, hukumatning tojik-afg‘on chegarasi bir qismini yopish to‘g‘risida hech qanday rasmiy topshirig‘i bo‘lmagan.

Avvalroq Afg‘oniston bilan chegara afg‘onistonlik kontrabandachilar guruhi bilan harbiy to‘qnashuvdan so‘ng yopilgandi, o‘shanda «Sho‘robod» chegara otryadi qo‘mondoni polkovnik Xayriddin Axtamov halok bo‘ldi. Hodisa 2 dekabr kuni kechqurun yuz bergan.

Top