17:00 / 14.12.2017
17391

Turkmanistonda valyuta yetishmovchiligi chuqurlashmoqda, - Reuters 

Foto: Flickr

Gaz eksportchisi bo‘lgan Turkmaniston valyutani tartibga solish choralarini yanada kuchaytirdi, deb xabar bermoqda Reuters davlat banklari xodimlariga tayangan holda. Bu mamlakatda valyuta yetishmovchiligi muammosi yanada chuqurlashishi mumkinligidan darak beradi.

Mamlakat aholisi gaz eksporti hajmi qisqartirilganidan so‘ng, rasmiy almashtirish kursi bo‘yicha bir dollar uchun 3,5 manat darajasida naqd xorijiy valyutani sotib olish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.

Qora bozorda dollar 9,3-9,5 manatlik darajada sotilmoqda, noyabr boshida esa bu ko‘rsatkich 8,2-8,5 manatga teng edi.

Ba'zi fuqarolar cheklovlarni bank kartalari yordamida chetlab o‘tishni boshlashdi, ular kartadagi milliy valyutada bo‘lgan pullarni Visa kartalariga o‘tkazishmoqda – bunday tranzaksiya rasmiy kurs bo‘yicha amalga oshiriladi – hamda ularni xorijda naqdlashtirib olishmoqda.

Biroq Turkmanistonning ikki davlat bankidagi kassirlarning Reuters’ga joriy haftada xabar berishlaricha, bu o‘tkazmalar bo‘yicha oylik limit ikki barobarga kamaytirildi, 500 dollargacha.

Noyabr oyida Turkmaniston banklari MasterCard hamda Visa kartalaridan naqd pullarni yechib olish bo‘yicha sutkalik limitni 50 dollargacha pasaytirishdi, maksimal to‘lovlar hajmi esa – 200 dollargacha.

Banklarning ba'zi mijozlari avvaliga yangi cheklovlarni Visa Inc to‘lov kartalari operatori joriy etgan deb o‘ylashdi, biroq kompaniya matbuot xizmati turkmanistonlik kreditorlar bilan ish shartlarini o‘zgartirmaganini ma'lum qildi hamda mamlakatdagi tranzaksiyalar hajmini ochiqlashdan bosh tortdi.

Mavzuga oid
Top