19:40 / 14.12.2017
6631

Zimbabve prezidenti G‘arb davlatlarini sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi  

Foto: Getty Images

Zimbabvening yangi prezidenti Emmerson Mnangagva G‘arb davlatlarini sobiq prezident Robert Mugabe hokimiyati davrida Zimbabvega qarshi kiritilgan sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi. 

“Biz mamlakat rivojlanishiga ziyon yetkazgan siyosiy va iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishga chaqiramiz. Biz yakkalanish yaxshi narsaga olib kelmasigini va maqsadga muvofiqmasligini anglaymiz, chunki o‘zaro hamkorlik, hamjihatlik bilan ko‘p narsaga erishish mumkin”, deb aytgan Mnangagva “Zimbabvening Afrika milliy ittifoqi” partiyasi yetakchilari oldidagi chiqishida. 

Mnangagva, shuningdek, 2018 yil sentabrda o‘tadigan prezidentlik saylovlari qoidabuzarliklarsiz o‘tishiga va'da berdi. “Hukumat saylovlar ishonch qozonadigan, adolatli va erkin bo‘lishi uchun barcha ishni qiladi”, deb aytgan Mnangagva.

Mnangagva, shu bilan birga, saylov kutilayotgandan avvalroq ham yuz berishi mumkinligini aytgan. 

G‘arb davlatlari Zimbabvening yetakchi partiyasi, hukumatini diktatura, demokratiya va erkinlikni buzishda ayblab, ularga va bir qator davlat kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritgan. Yevropa Ittifoqi bu davlatga qarshi kiritgan sanksiyalarini 2014 yilda bekor qilgan, biroq AQSh sanksiyalarni saqlab qolgan.

Top