09:50 / 15.12.2017
9834

Yevroittifoq Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yana uzaytirdi

Foto: :Shutterstock.com

Yevropa ittifoqi davlatlari yetakchilari Rossiyaga qarshi joriy etilgan iqtisodiy sanksiyalarni 2018 yilning o‘rtasiga qadar uzaytirish haqidagi qarorni qabul qilishdi. Bu haqda Yevropa kengashi raisi Donald Tusk Twitter’dagi sahifasida xabar berdi.

Bi-bi-si xabariga ko‘ra, cheklov choralari energetik, mudofaa hamda moliyaviy sektorlarga aloqador.

Sanktsiyalar uzaytirilishi haqida avvaliga Reuters agentligiga Bryusseldagi amaldorlar hamda diplomatlar anonim holda ma'lum qilishdi. Gap 2014 yilning 31 iyulidan joriy etilgan sanksiyalar haqida bormoqda.

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron hamda GFR kansleri Angela Merkel payshanba kuni Minsk kelishuvlari hozirga qadar bajarilmaganini, hamda shuning uchun cheklov choralari yana yarim yilga qadar amalda bo‘lishini ma'lum qilishdi.

Sanktsiyalar so‘nggi marta 2017 yilning iyunida uzaytirildi – ularning muddati 2018 yilning yanvarida o‘z nihoyasiga yetishi kerak edi.

Sanktsiya ro‘yxatidan Rossiyaning davlat ishtirokidagi eng yirik kompaniyalari joy olgan. Ularning Yevropa moliyaviy bozoriga kirishi cheklandi.

Sanktsiyalar "Rosneft", "Gazprom neft" hamda "Transneft" neftgaz kompaniyalari, Sberbank, VTB, "Gazprombank", "Vneshekonombank" banklari, shuningdek Qrim kompaniyalariga nisbatan joriy etilgan.

Mudofaa sektori kompaniyalariga nisbatan qurol-yarog‘ eksportiga embargo kiritildi, shuningdek ikkilamchi maqsadlardagi tovarlar va Rossiyada harbiy yo‘nalishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan texnologiyalar eksportiga taqiq qo‘yildi.

Mavzuga oid
Top