10:00 / 15.12.2017
7646

Qozog‘istonda konchilar ish tashlashni to‘xtatishdi

Foto: © RIA Novosti / Mixail Voskresenskiy

Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi “ArselorMittal Temirtau” AJ konlarida bir necha kun davom etgan ish tashlashlar yakunlandi. Ish tashlashda ishtirok etgan va konlar ichidan tashqariga chiqishni istamagan barcha konchilar tashqariga chiqishdi. Konchilar ish beruvchidan maoshlari oshirilishi va ishlash sharoitlari yaxshilanishini talab qilishgandi.

11 dekabrda ArcelorMittal’ning 4 ta konida 200 ga yaqin konchi smena yakunlangandan keyin ish joylarini tark etishdan bosh tortganlar. Shundan keyin kompaniyaning mahalliy bo‘linmasi rahbariyati va konchilar kasaba uyushmalari o‘rtasida muloqot boshlangan. 12 dekabrda Qozog‘iston mehnat vaziri Tamara Duysenova tashqariga 680 dan ko‘proq konchi chiqishni istamayotganini ma'lum qilgan. Ushbu ish tashlash Qozog‘iston bosh vaziri Bakitjan Sag‘intayevning ArcelorMittal’ning asosiy aksiyadori Lakshmi Mittal bilan muloqot qilishiga sabab bo‘lgan. 13 dekabrda Qarag‘anda gubernatori bilan suhbatdan keyin 150 dan ko‘proq, 14 dekabrda yana 100 ga yaqin konchi yuqoriga ko‘tarilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 14 dekabrda yer ostida yana 400 ga yaqin konchi qolayotgandi. 15 dekabr mahalliy vaqt bilan soat 01.00ga qadar ular ham tashqariga chiqishga rozi bo‘lishgan.

Konchilarga ish beruvchi tomondan yangi shartlar o‘qib eshittirilgan.

“Yer ostida ishlovchi barcha ishchilarning maoshi 30 foizga oshiriladi. Tashqarida ishlovchilarning maoshlari oshirilishi keyingi muzokaralar davomida kelishuv komissiyasi tomondan belgilanadi. Kompaniyaning ko‘mir departamenti ishchilariga bir oylik ish haqi miqdorida mukofot puli to‘lanadi”, deyilgan xabarda.

“Ish beruvchi va kompaniya o‘rtasidagi muzokaralar kelishuv komissiyasi doirasida davom ettiriladi. Bu komissiya tarkibiga tashabbus guruhlari a'zolari, kasaba uyushma qo‘mitalari, prokuratura vakillari, konlar, viloyat va AMT kompaniyasi rahbarlari kiradi”, deb aytilgan xabarda. 

Mavzuga oid
Top