21:16 / 15.12.2017
19393

Prezident yangi bolalar bog‘chalari eskicha loyihalar asosida qurilayotganini tanqid qildi

Foto: Press-slujba Prezidenta Uzbekistana

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumanida joylashgan 8-sonli maktabgacha ta'lim muassasasiga tashrifi vaqtida bolalar bog‘chalarining eskicha ruhdagi loyihalar asosida qurilishi o‘zini oqlamayotganini ta'kidlab o‘tdi.

Mirziyoyev bolalar yotoqxonalari va sinfxonalarini shinam va yorug‘ qilib, iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda qurish lozimligi, xonalar isitiluvchi pollarga ega bo‘lishi kerakligini aytdi. Prezidentning ta'kidlashicha, yangi bolalar bog‘chalarini yaratish loyihalarini tayyorlashda Janubiy Koreya tajribasini tatbiq qilish lozim.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, soha uchun kadrlarni tayyorlash tizimini qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini berdi. Prezidentning ta'kidlashicha, buning uchun oliy ta'lim muassasalarida maxsus kurslarni tashkillashtirish lozim, chunki tarbiyachilarning kasbiy darajasi bolalarning kelajagi uchun muhimdir.

Ayni vaqtda Qoraqalpog‘istonda 318 ta, jumladan 3 ta xususiy va turli tashkilotlar tasarrufidagi 7 ta bolalar bog‘chalari faoliyat yuritadi. Ularda 48,1 ming bola yoki respublikadagi umumiy bolalarning 32 foizi tarbiyalanadi.

Top