12:34 / 15.12.2017
14176

O‘zi tiklanuvchi oyna ixtiro qilindi

Foto: © Depositphotos / gilmanshin

Tokio universiteti olimlari guruhi singandan keyin o‘zi tiklanuvchi oyna yaratishdi. Bu haqda NHK telekompaniyasi xabar bermoqda. 

Ta'kidlanishicha, mutaxassislar dastlab yumshoq, rezinaga o‘xshagan modda – politiomochevinani qo‘llagan holda yangi adgezion (yopishuvchi) vosita ustida ish olib borishgan. Biroq tajriba vaqtida modda qotib, silliq bo‘lib qolgan, biroq deformatsiyadan keyin yana dastlabki holatiga qaytgan.

Olimlar bu moddadan oyna yaratib ko‘rishga harakat qilishgan. Aniqlanishicha, agar bunday oynani ikki qismga bo‘lib, keyin ularni birlashtirib, ustidan bosilsa, unda 10 soniyadan keyin oyna tiklangan. Agar bosim bir necha soat davomida ta'sir etib turilsa, unda oynaga avvalgi mustahkamligi qaytgan.

Olimlarning ta'kidlashicha, politiomochevina deformatsiyadan keyin yuqori haroratlarda “yumshoq holatda” oson tiklanadi. Biroq uning qattiq holatida bunga erishishga juda kam muvaffaq bo‘lingan.

“Bizda hammasi o‘ngidan kelganda, men dastlab bunga to‘liq ishonmadim, biroq keyin bir qator maqolalarni tekshirib, keyin tajribani bir necha marta qaytardim”, deb aytgan Tokio universiteti tadqiqotchisi Yanagisava Yuu.

Mutaxassis kelajakda atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan o‘zi tiklanuvchi oyna hozirda ishlatiladigan va singanda tashlab yuboriladigan oyna o‘rniga kelishiga umid bildirdi.  

Top