11:05 / 15.12.2017
14673

Uzoqdagi sarob

Namanganlik B.Qudratov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2014 yilning 28 aprelida hamqishloqlari Sh.Rixsiyev va R.Jo‘rayevni qop-qop va'dalar bilan o‘zi o‘n yildan beri ishlab kelayotgan Rossiyaning Ufa shahriga akasi orqali chaqirtirib oladi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

U traktor haydash, mol boqish singari qishloq xo‘jaligi ishlariga taklif etgan ikki hamqishlog‘ining yo‘l xarajatlarini o‘z zimmasiga olib, ularning Rossiyaga yetib kelishlari uchun pul ham jo‘natadi. Hamyurtlari yetib kelgach, ularning fuqarolik pasportlarini olib qo‘yadi. Aslida, musofir ishchilarning qanotlarini qayirib, qafasga solib qo‘yish maqsadida bo‘lsa-da, bu qilmishini go‘yo ularning tinchini o‘ylayotgani, vaqtinchalik hujjat tayyorlab bermoqchi ekani bilan izohlaydi. Iyun oyida u yana ikki hamyurti – qarindoshi Z.Hamidov va K.Boltaboyevni ham shu yo‘l bilan Ufa shahriga chaqirib oladi.

B.Qudratovning Rossiyada tatar millatiga mansub J.Nigmatullin ismli sherigi bo‘lib, kelgan ishchilar nazorati uning qo‘liga o‘tadi. Jamoa xo‘jaligida to‘rt musofir J.Nigmatullin va B.Qudratovning shafqatsiz tazyiqi ostida erta tongdan yarim tunga qadar dam olish kunisiz ishlashadi. Ularga va'da qilingan ish haqi esa berilmaydi. Musofirlar kunlab och qolib, o‘zlari ishlayotgan molxonada tunashga majbur bo‘lishadi. Traktorda yer haydash bilan shug‘ullangan K.Boltaboyev va R.Jo‘rayev J.Nigmatullinning tazyiqi ostida sog‘liqlarini xavfga qo‘yib, dalaga bir necha kunlab zaharli kimyoviy dorilar sepishga majbur qilinadi.

B.Qudratovning qarindoshi bo‘lgan Z.Hamidov unga mehnat sharoiti yomon ekanligi, ish haqi olmayotganidan shikoyat qilib, uyiga qaytib ketishiga yordam berishni so‘raganida, B.Qudratov ruxsat bermaydi:

-  Buni xayolingizga ham keltirmang! Aks holda, o‘ldirib yuboramiz!...

O‘z qarindoshiga shunday dag‘dag‘a bilan muomala qilgan zo‘ravonning boshqa ishchilarga qanday munosabatda bo‘lishini bilish qiyin emas.

Nihoyat, azob-uqubatlar va nohaqliklar jonidan o‘tgan R.Jo‘rayev 2014 yilning sentabr oyida B.Qudratovdan 4 oy davomida olmagan ish haqini so‘raydi va yurtiga qaytishini aytadi. Aks holda, tegishli joyga arz qilmoqchi ekanini ham jur'at bilan “qistirib o‘tadi”. Shundan keyingina zo‘ravon sal “pastga tushib”, uni uyiga kuzatib yuborar ekan, dehqonchilik yaxshi bo‘lmagani bois ish haqlarini berolmagani, tez orada ortidan jo‘natib yuborishni va'da qiladi.

R.Jo‘rayev jo‘nab ketganidan keyin sharoit o‘nglanmasligiga aqli yetgan K.Boltayev ham huddi shunday yo‘l tutadi. B.Qudratov esa uni ham bir dunyo va'dalar bilan yurtiga kuzatadi. Noyabr oyida R.Jo‘rayev shu tariqa O‘zbekistonga qaytadi.

Z.Hamidovgina musofirchilikning azob-uqubatlariga yana bir yil chidaydi. 2015 yilning noyabr oyida u vataniga qaytadi. Albatta, hech vaqosiz va qop-qop va'dalarni ortmoqlagancha...

Musofirchilikdagi sargardonliklar kamlik qilganidek, endi ular ish haqlarini undira olmay sarson bo‘ladilar va B.Qudratovning ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etadilar. Shundan keyingina jabrlanuvchilar o‘zlariga tegishli ish haqlarini undirishga erishadilar.

Yot yurtlarda yurtdoshlarining ilojsizligidan foydalanib haq bermay, ularni ayovsiz ishlatgan, qo‘rqitgan, tahqirlagan B.Qudratov qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keldi. Unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, sud hukmi bilan besh yilga ozodlikdan mahrum etildi.

“Uzoqning bug‘doyidan yaqinning somoni yaxshi”, degan hikmat bor. Biroq yuqoridagi voqeadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, uzoqdagisi sarg‘aygan somon bo‘lib chiqdi. Qolaversa, bugun O‘zbekistonda har jabhada misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilib, o‘z oldiga maqsad qo‘ygan har bir insonga uni amalga oshirish uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Sarob misol havas ortidan ergashib, xorijga oshiqish, hech qanday mehnat shartnomasisiz, betayin kimsalarga ishonib pul topishga urinishning oqibati xayrli tugamaydi.

Top