15:35 / 16.12.2017
15643

AQSh vizasiz davlatlar uchun talablarni kuchaytirdi

Foto: Getty Images

AQSh hukumati juma, 15 dekabr kuni mamlakatga vizasiz kirish dasturida ishtirok etuvchi 38 davlatga qo‘shimcha talablar joriy qildi. Bu haqda Reuters yozmoqda.

Ta'kidlanishicha, endilikda bu mamlakatlar chegarani uchinchi davlatlardan kesib o‘tadigan o‘z fuqarolarini tekshirish uchun AQSh aksilterrorchilik amaliyotlari haqidagi ma'lumotidan foydalanishlari lozim. 

Shuningdek, davlatlar AQShda qolish muddati o‘tib ketishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga doir axborot kampaniyalarini o‘tkazishlari kerak.

Xususan, ushbu mamlakatlarning AQShda bo‘lish muddatini o‘tkazib yuborgan fuqarolari kelajakda davlatga vizasiz borish huquqidan mahrum etilishi mumkin.

Qo‘shma Shtatlar hukumati tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot ma'lumotlariga qaraganda, ko‘proq Gretsiya, Vengriya, Portugaliya hamda San-Marino fuqarolari AQShda bo‘lish muddatini o‘tkazib yuboradi. 

Bundan tashqari, AQSh vizasiz kirish huquqiga ega mamlakatlarni o‘z aeroportlarida ularning “insayderlik tahdidlari”ga qarshi kafolatlari bo‘yicha ham baholab boradi. 

Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, vizasiz kirish dasturi asosan Yevropa mamlakatlari fuqarolariga Qo‘shma Shtatlarga 90 kunlik muddatga vizasiz safar qilish imkonini beradi. 38 davlatdan bo‘lgan fuqarolar AQShga kirish uchun ruxsatnoma olishining o‘zi yetarli.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatga immigratsion viza lotereyasi orqali kelayotgan odamlarni o‘z jamiyatlarining “yomonlar ichidagi eng yomoni” deb atagandi hamda bu mexanizmni bekor qilishga chaqirgandi.

Top