00:10 / 16.12.2017
5536

Falcon 9 ilk bor ishlatilgan pog‘ona bilan XKSga uchirildi

Foto: space.com

SpaceX kompaniyasi 15 dekabrda Dragon yuk tashuvchi koinot kemasiga ega Falcon 9 raketasini koinotga uchirdi. Dragon Xalqaro koinot stansiyasi ekipajiga yuk, jumladan ilmiy tajribalar uchun materiallar va oziq-ovqat yetkazib beradi.

SpaceX ilk bor raketani uchirishda Falcon 9’ning avvalgi parvozlaridan keyin saqlab qolingan birinchi pog‘onadan foydalandi.   

Raketa 15 dekabrda Toshkent vaqti bilan soat 20:36da Kanaveral burnidagi bazadan uchirilgan. Raketaning birinchi pog‘onasi ajralib, taxminan soat 20:44larda yerga qo‘ngan.

So‘ngra Dragon kemasi kerakli orbitaga chiqqani ma'lum qilingan.

Noyabr oxirida kompaniya prezidenti Gvinn Shotvell kompaniya 2018 yilda joriy yildagidan 1,5 marta ko‘proq parvozlarni amalga oshirmoqchiligini ma'lum qilgandi.   

23 noyabrgacha kompaniya 16 ta raketa-tashuvchini koinotga uchirdi va parvozlarning barchasi muvaffaqiyatli kechgan. Dekabr oxirigacha kompaniya yana 3-4 ta parvozni amalga oshirmoqchi. Ushbu rejaga ko‘ra, Zuma maxfiy harbiy missiyasi parvozi, XKSga yuk yetkazish, orbitaga yana 10 ta Iridium Next aloqa yo‘ldoshini olib chiqish hamda Falcon Heavy og‘ir raketasining ilk parvozini o‘z ichiga olgan.

Mavzuga oid
Top