15:09 / 16.12.2017
55874

Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda. Fermerlarga yangi topshiriq, tomorqaga oid muhim yangilik va 1 mln dollarlik sarmoyalar

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda shu kungacha bajarilgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, barcha sohalarni rivojlantirish bo‘yicha kelgusi ikki yilda amalga oshiriladigan ustuvor yo‘nalishlar va dolzarb vazifalar belgilab berildi. 

Uchrashuvda ishtirok etgan KUN.UZ manbasining ma'lum qilishicha, respublikaning har bir tumanidagi tegishli to‘rt rahbarga 250 ming AQSh dollaridan sarmoya kiritishga tayyor investorni topish vazifasi yuklatildi. Har bir tumanda bir million dollarlik investitsiya kiritilishi lozimligi belgilab qo‘yildi. 

Bundan tashqari, har bir fermerga 50 ta tovuq, bir sog‘in sigir, 4 quti asalari, limon yetishtirish bo‘yicha majburiyat yuklatildi. Manbaning ta'kidlashicha, yuqorida ko‘rsatilganlarni yetishtirmaganlarning yerlari olib qo‘yilishi aytilgan.  

Shuningdek, tomorqa yerlaridan foydalanish bo‘yicha ham muhim yangilik ma'lum qilingan. Aholi o‘zining tomorqa yeridan yaxshi foydalansa soliq miqdori 3 foizga kamaytirilishi, agarda undan foydalanmasa 3 foizdan 5 foizgacha davlatga qo‘shimcha tovon puli to‘lashi aytildi. Qayd etilishicha, bu butun O‘zbekiston bo‘ylab 1 yanvardan joriy etiladi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘istonda kelasi yili “Maktabgacha ta'lim muassasalari yili” deb e'lon qilinishi mumkin. Har bir tumanda esa bir yilda o‘ntadan maktabgacha ta'lim muassasalari davlat sherikchiligi bo‘yicha ochiladi. Bunda 50 foiz kredit davlat tomonidan taqdim etiladi, qolgan 50 foizini esa tadbirkor o‘z hisobidan amalga oshiradi. 

Manbaning bildirishicha, Mirziyoyev Kegeyli tumani prokurorini qattiq tanqid qilgan. Prokuror to‘rtta sektorning vazifasi, mohiyati nimadan iborat, degan savolga javob bera olmagani aytildi.

Top