11:35 / 17.12.2017
12121

Qo‘l jangi federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

2017 yil 15 dekabrda Toshkentdagi “Poytaxt” biznes markazida O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari Qo‘l jangi federatsiyasining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Unda Federatsiya raisining o‘rinbosari Baxtiyor Mirzaqulov, raisning birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Soatov va bosh hisobchisi Yu.Niyozaliyev, hakamlar, murabbiylar va sportchilarning intizomi masalasi bo‘yicha A.Rahimovning hisobot hamda ma'ruzalari tinglandi. 

Ma'lum qilinishicha, 2017 yili Qo‘l jangi federatsiyasi tomonidan 8 ta musobaqa tashkil etilgan. Viloyatlarda tashkil etilgan xalqaro turnirlarni o‘tkazishda viloyat hokimliklari va tegishli tashkilotlar yordam bergan. Hakamlar uchun uyushtirilgan o‘quv seminarlarda xalqaro qo‘l jangi qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida ma'lumotlar berilgan.

O‘zbekistonlik qo‘l jangi ustalari Rossiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda 3-o‘rin, Tojikistondagi yoshlar o‘rtasidagi musobaqada 1-o‘rin, Vengriyadagi yoshlar o‘rtasidagi Jahon kubogida 1-o‘rinni egalladi. 

Navbatdan tashqari konferensiyada hakamlar, murabbiylar va sportchilar intizomi masalasi ham muhokama qilindi. Ma'ruzachining qayd etishicha, ayrim hollarda hakamlar hakamlikdan tashqari murabbiylik qilish holatlari, mast qiluvchi ichimliklar iste'mol qilgan holda musobaqaga kelishlari, sportchilarning o‘zlarini noloyiq tutishlari hamda hakamlarni nojoiz so‘zlar bilan haqoratlash hollari kuzatilgan. 

Shunga ko‘ra, Federatsiya rahbariyati bundan keyingi musobaqalarda hakamlar, murabbiylar va sportchilarning intizomi borasida keskin choralar ko‘rish hamda ularni umrbod sportdan chetlatish bilan bog‘liq jiddiy qarorlar qabul qilishga kelishib olindi. 

Bundan tashqari Federatsiyaning Surxondaryo viloyati bo‘limining 2017 yilgi faoliyatiga doir hisobotini bo‘lim rahbari O.Xolmurodov yig‘ilganlar o‘qib eshittirdi. 

Konferentsiya so‘nggida 2017 yil nominatsiyalarini hamda Qo‘l jangi musobaqalarini tashkil etish, o‘tkazish va yoritishda yordamlashgan tashkilotchilar, OAV vakillarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Top