10:06 / 18.12.2017
11584

Xitoy o‘lim jazosiga mahkum etilgan shaxsni Qozog‘istonga topshirdi

Foto: Zakon.kz

Xitoy mamlakatda o‘lim jazosiga mahkum etilgan Qozog‘iston fuqarosini Ostonaga topshirdi, mamlakat hukumati keyinchalik unga belgilangan jazo chorasini umrbod ozodlikdan mahrum etish bilan almashtirdi, deb xabar bermoqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Anvar Jaynakovning Facebook’da xabar berishicha, Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumanidagi Urumchi shahridan 15 dekabr kuni Akmolinsk oblastida 1989 yilda tug‘ilgan shaxs vataniga olib kelingan.

Jaynakov o‘z xabarida bu fuqaroning ismiga aniqlik kiritmadi. Biroq Xitoyda sudlangan bu qozog‘istonlik shaxs 2009 yilda mamlakatning Guandun viloyatidagi Guanchjou shahrida giyohvand moddalarni olib o‘tishda ayblanib hibsga olingani, keyinchalik esa o‘lim jazosiga hukm qilingani ma'lumot tariqasida xabar berilgan. 2011 yilda unga belgilangan jazo chorasi umrbod ozodlikdan mahrum etish bilan almashtirildi.

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatidan xabar berishlaricha, Xitoyda sudlangan fuqaro jazo muddatini o‘tash uchun Qozog‘istonga topshirilgan. «Ayni damda u Ostonadagi tergov izolyatorida saqlanmoqda», - deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot kotibi Cho‘lpon Koshenova.

Top