11:55 / 18.12.2017
31497

Klasiko arafasida intriga. «Barselona» direktori Ronalduga javob qaytardi

«Barselona» sobiq yarim himoyachisi, hozirda Kataloniya klubida direktor lavozimini egallab turgan Gilermo Amor Ispaniya «klasikosi» doirasida «Real»ga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuv haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Amorning xabar berishicha, ko‘k-anorranglilar «qaymoqranglilarga» chempionlik yo‘lagini tashkil etish niyatida emas.

«Bizning klubda chempionlik yo‘lagi odatda «Barselona» ishtirok etgan musobaqalarda g‘alaba qozonganlar uchun tashkil etiladi», - deya Amorning so‘zlarini keltiradi Marca.

«Real» 16 dekabr kuni klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida «Gremio»ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

O‘yindan keyin bergan intervyusida Krishtianu Ronaldu «Barselona» ularga chempionlik yo‘lakchasi yasashlaridan umidvorligi haqida gapirgandi.

«Barselona»ni mag‘lubiyatga uchratib, chempionlik poygasida intriga saqlab qolishimizga umid qilaman. Biz har bir lahzadan zavq olishimiz kerak.

O‘zimizga bo‘lgan ishonchni orttirib oldik va endi chempionat turnir jadvalidagi o‘rnimizni yaxshilab olishdan umidvormiz.

Albatta bo‘lajak o‘yin oldidan «Barselona» biz uchun chempionlik yo‘lakchasi yasab, olqishlar bilan kutib olsa yaxshi ish bo‘lardi», – deya Ronalduning so‘zlarini keltiradi Mundo Deportivo nashri.

Eslatib o‘tamiz, «Real» – «Barselona» jamoalari o‘rtasidagi bahs Ispaniya chempionatining 17-turi doirasida 23 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 19:00da boshlanadi.

Top