18:15 / 18.12.2017
5961

Open Data Challenge 2017​ tanlovi g‘oliblari aniqlandi

Foto: Inha

Toshkent shahridagi Inha universitetida Open Data Challenge 2017 ilovalarni ochiq ma'lumotlardan foydalangan holda, ishlab chiqish bo‘yicha tanlovining g‘oliblari va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda universitet rasmiy saytida xabar e'lon qilingan.

Belgilangan tartibga ko‘ra, Open Data Challenge 2017 yilning 30 noyabridan 3 dekabrigacha ikki bosqichda o‘tkazildi. Joriy yilning 30 noyabr va 1 dekabr kunlari ro‘yxatdan o‘tgan 400 dan ziyod ishtirokchi mahorat maktablari va seminarlarda ishtirok etdi. Ushbu tadbirlar davomida ishtirokchilar malakali mutaxassislar yordamida dizayn-fikrlash, jamoalarni shakllantirish, Python tili asosida ma'lumotlarni tahlil etish, Lean Startup va Customer Development metodologiyasi, blokcheyn va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha bilimlarga ega bo‘ldilar. Tanlov doirasida ishtirokchilar Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM) bilan tanishdilar va o‘z loyihalarini yaratishda BRM bo‘yicha bilimlardan foydalanishga harakat qilishdi.

2 va 3 dekabr kunlari trening va mahorat maktablarida olgan bilimlari va takliflari hamda ochiq ma'lumotlar asosida o‘z loyihalarini yaratdi.

Xakaton doirasida 63 ta jamoa hakamlar hay'ati e'tiboriga ijtimoiy (47 ta loyiha) va biznes (16) loyihalarni havola etishdi. Har bir jamoaga o‘z loyihasining taqdimotini o‘tkazishlari uchun bir necha daqiqa vaqt berildi.

Hakamlar hay'ati qaroriga ko‘ra, “Ochiq ma'lumotlardan foydalangan holda ishlab chiqilgan eng yaxshi biznes loyiha” nominatsiyasida SAVE IT jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Jamoa a'zolari: Nasiba Lutfullayeva, Muhayyo Toshpo‘latova, Akbarxon Aminov va Avaz Alimovlar Toshkent shahridagi Inha universitetining talabalaridir.

SAVE IT jamoasi mobil ilova va Telegram-bot ishlab chiqdi. Mazkur servis foydalanuvchilarga yaroqlilik muddati o‘tib borayotgan tovar va mahsulotlarga beriladigan chegirmalar to‘g‘risida ma'lumot olish imkonini beradi. Loyiha do‘konlarga o‘z mahsulotlarini sotish va xarajatlarni kamaytirish, xaridorlarga esa pullarini iqtisod qilish imkonini beradi.

“Ochiq ma'lumotlardan foydalangan holda ishlab chiqilgan eng yaxshi ijtimoiy loyiha” nominatsiyasida Umbrella Soft jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Jamoa a'zolari: Ulug‘bek To‘xtayev, Adizbek Ergashev, Jahongir Ismoilov va Muhriddin G‘ayratov. Ularning barchasi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU)ning talabalaridir.

Umbrella Soft jamoasi MyID loyihasini taqdim etdi. Loyiha O‘zbekiston fuqarolariga ayrim davlat xizmatlaridan foydalanish hamda Yo‘l-harakati xavfsizligi (YHX) jarimalari va kommunal to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Loyiha doirasida ish beruvchi tomonidan tasdiqlanadigan elektron mehnat daftarchasini tatbiq etish ham nazarda tutilgan.

All Eyez On Me jamoasi “Xakatonning eng innovatsion loyihasi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Toshkent shahridagi Inha universitetining talabalari Anvar Mo‘minov, To‘rabek G‘aybullayev, Behruz Mirtursinov va Javohir Abduqahhorovlar inson yuzini aniqlaydigan apparat majmuini taqdim etishdi.

Hakamlar hay'atining qaroriga ko‘ra, alphaZET, Flyber Entertainment, Diamond Solutions, Tag jamoalari rag‘batlantiruvchi mukofotga sazovor bo‘lishdi.

O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Rezident-koordinatori va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy vakili Xelena Freyzer va Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasining siyosiy va jamoat diplomatiyasi bo‘lim boshlig‘i Jo Bidsuort va Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sarvar Babaxodjayevlar Open Data Challenge 2017 g‘oliblari va sovrindorlarini tabriklab, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlashdi.

Open Data Challenge 2017 tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Toshkent shahridagi Inha universiteti, O‘zbekistondagi BMTTD vakolatxonasi, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, “Elektron Hukumat” tizimini rivojlantirish markazi va UZINFOCOM markazlari tomonidan tashkil etildi.

Open Data Challenge  – bu ochiq hukumat ma'lumotlariga asoslangan mahsulotlarni tez ishlab chiqish bo‘yicha musobaqa bo‘lib, u O‘zbekiston uchun nisbatan yangi bo‘lgan ochiq ma'lumotlar g‘oyasini targ‘ib etishga qaratilgan.

Xakatonning asosiy vazifasi Ochiq ma'lumotlar portali (data.gov.uz) va O‘zbekiston davlat organlari veb-saytlarida joylashtirilgan hamda xususiy sektor tomonidan taqdim etilgan ochiq ma'lumotlar orasida ijtimoiy va innovatsion ilovalar va xizmatlar yaratishdir.

Top