10:29 / 18.12.2017
7826

Jahon banki Tojikistonga yana mablag‘ ajratdi

Foto: AP

Jahon bankining direktorlar kengashi Tojikistonda qishloq xo‘jaligini tijoratlashtirish bo‘yicha loyihani qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 15 million dollar miqdorida mablag‘ ajratish haqidagi qarorni ma'qulladi. Bu haqda JBning Dushanbe shahridagi vakolatxonasi xabar bergan.

Loyiha Tojikiston fermerlari va qishloq xo‘jaligi korxonalari imkoniyatlarini ishlab chiqarishni oshirish uchun kengaytirish, shuningdek, ularning ichki hamda tashqi bozorlarga kirish ehtimolini ko‘paytirishga yo‘naltirilgan.

Jahon bankining Tojikistondagi doimiy vakili Yan-Peter Oltersning fikricha, «Tojikistonda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti uchun muhim imkoniyatlardan foydalanish tadbirkorlarning ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda mamlakat qishloq joylarida ishga joylashish imkoniyatlarini oshiradi», deyiladi tashkilot matbuot relizida.

Xabar qilinishicha, Tojikistonda qishloq xo‘jaligini tijoratlashtirish bo‘yicha dastlabki loyiha Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi tomonidan taqdim etilgan 22 mln dollarlik grant hisobidan moliyalashtirilmoqda. Loyiha doirasida 1000 dan ortiq fermer, kichik va o‘rta qishloq xo‘jaligi korxonalariga 3,3 mln dollarlik yordam ko‘rsatilgan.

«Qishloq xo‘jaligi sektori Tojikistondagi iqtisodiy o‘sish hamda qashshoqlikni qisqartirishda asosiy o‘rinni egallaydi», - deya ma'lum qildi qishloq xo‘jaligini tijoratlashtirish loyihasi jamoasi yetakchisi Sandra Broka.

Top