11:40 / 19.12.2017
14376

Sooronbay Jeenbekov Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdi

Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga rasmiy tashrifi chog‘ida ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib xat yozdi. Xatning to‘liq matni prezident matbuot xizmati tomonidan e'lon qilindi.

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrif davomida menga va Qirg‘iziston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan ehtirom va mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

Mening tashrifim joriy yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida yanada mustahkamlangan oliy darajadagi ishonchli muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.

O‘zaro anglashuv va ishonch muhitida o‘tgan muzokaralardan g‘oyat mamnunman.

Qirg‘iziston bilan O‘zbekistonning xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik aloqalari, yaxshi qo‘shnichilik va qardoshlik munosabatlariga asoslangan strategik sherikligini yanada mustahkamlash bo‘yicha erishilgan kelishuvlardan juda xursandman.

Yo‘lovchi transporti qatnovini qayta tiklash, tranzit tashishlarni ta'minlash va transport yo‘laklari ochish, shuningdek, eksport-import aloqalarini faollashtirishga qaratilgan qo‘shma rejalarning hayotga tatbiq etilishi oddiy fuqarolar turmush farovonligini oshirish hamda o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratishiga ishonchim komil.

O‘ylaymanki, Qirg‘iziston – O‘zbekiston davlat chegaralarining qolgan qismini delimitatsiya qilish ishlari o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida faol sur'atda davom etadi.

Sizning diplomatiyada yangi an'analarga asos solayotganingiz, davlatlararo ahamiyatga molik masalalarni hal qilishda nostandart va samarali yondashuvlarni namoyon qilayotganingiz tahsinga sazovor. Siz nafaqat Qirg‘iziston va O‘zbekiston, balki butun mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikka ijobiy sur'at bag‘ishladingiz.

Qirg‘iziston Sizning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusingizni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Biz bu tashabbusni amalga oshirish yo‘lida barcha sa'y-harakatlarimizni ishga solamiz.

Qadrli Shavkat Miromonovich!

O‘rtamizda do‘stlik va birodarlik munosabatlari qaror topganidan g‘oyat mamnunman.

Sizning tashrif davomida bir necha bor yangragan «dardingizni o‘z dardimiz, g‘alabangizni o‘z g‘alabamiz sifatida qabul qilamiz», degan so‘zlaringiz qirg‘iz xalqiga ezgu munosabatingiz ifodasi bo‘lib, qalbimdan chuqur joy oldi.

Sizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga tinchlik va taraqqiyot tilayman.

 

Hurmat bilan, Sooronbay Jeenbekov,

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti

Top