18:55 / 20.12.2017
43021

Jizzaxda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan korxona ochildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 26 dekabrdagi “2017-2019 yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish to‘g‘risida”gi qarori imzolangan.

Qarorda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mahalliy xomashyo resurslari negizida import o‘rnini bosadigan va ichki bozorni zarur iste'mol tovarlari, dori-darmon vositalari, ishlab chiqarish-texnik ahamiyatdagi mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar bilan to‘ldirishni ta'minlaydigan korxonalar barpo etish belgilab qo‘yilgandi.

Qarorga asosan mahalliy xomashyoni qayta ishlab tayyor mahsulotga aylantiradigan Jizzax viloyatining Forish tumanida yirik loyihalardan biri nafaqat O‘zbekistonda balki Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan, aytish joizki, viloyat uchun yakunlanayotgan yilning eng muhim voqealaridan biri Buyuk Britaniya davlatining Leigh Barrier LLP kompaniyasi bilan qo‘shma korxona sifatida Mega invest industrial shaklidagi mas'uliyati cheklangan jamiyati ishlab chiqarish korxonasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda KUN.UZ’ning Jizzax viloyati muxbiri Akmal Binokulov xabar bermoqda.

Qo‘shma korxonani ochilish marosimiga chet ellik hamkorlar, viloyat va tuman hokimligi keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Alisher Xudayberdiyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilariga korxona bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.

Qo‘shma korxonaning qurilish ishlari Rossiya Federatsiyasining RB Engineering kompaniyasi muhandislari tomonidan 2016 yilning fevral oyida boshlangan bo‘lib, joriy yilning dekabr oyida to‘liq yakunlandi. Qurilish-montaj ishlari uchun korxonaning 8,4 ming AQSh dollarida shaxsiy mablag‘ sarflandi. Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tomonidan 13,0 mln. AQSh dollarida kredit mablag‘lari ajratilib, Rossiya, Turkiya, Germaniya va Avstriya singari davlatlardan asbob-uskunalar olib kelib o‘rnatildi.

- Qo‘shma korxonamizning I-II bosqichlari amalga oshirilishi natijasida mahalliy xomashyoni mahalliylashtirish hisobiga yillik 2,5 ming tonna bazalt tolasidan ip mahsuloti va 2,9 ming tonna armatura ishlab chiqarilib, yiliga 15 mln AQSh dollari qiymatida Afg‘oniston, Saudiya Arabistoni hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlariga eksport qilishni rejalashtirmoqdamiz, - Mega invest industrial shaklidagi mas'uliyati cheklangan jamiyati ishlab chiqarish korxonasi rahbari Yorqin Tilyabov.

Eng muhimi, mazkur korxonaning I-II bosqichlari ishga tushirilishi natijasida 90 ta yangi ish o‘rni yaratilsa, III-IV bosqichlarida 150 nafar fuqaro, ayniqsa, kollej bitiruvchilarining bandligi ta'minlanadi.

Jizzaxdan KUN.UZ muxbiri Akmal Binokulov

Top