17:09 / 22.12.2017
131811

“Kamolot” uylari bir yilda o‘z “siri”ni fosh qildi

Foto: KUN.UZ

Surxondaryo viloyatining Denov tumani, “O‘rtaqishloq” MFYda 2016 yilda “Kamolot” uylari qurib, o‘z egalariga topshirilgan. Bu uyga yaxshi niyatlar bilan ko‘chib kelgan davlatimiz ijtimoiy hayotida munosib o‘ringa ega oilalarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. “Kamolot” uylari kamoliga yetkazib qurilmagani fosh bo‘ldi.

Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolarning KUN.UZ saytiga bergan ma'lumotiga ko‘ra, vaziyat ancha jiddiy. Ularning aytishicha, uylardagi isitish tizimi mutlaqo ishlamaydi. Xonalar muzlab yotibdi.

“Yosh bolam bo‘lganligi sababli, ota-onamning uyiga qaytib ketdim. Ammo uyi yo‘q yoki ko‘pchilik bo‘lib yashaydiganlar nima qiladi, hayronman”, - deydi mahalla fuqarolaridan biri. 

Vaziyat bilan yaqindan tanisharkanmiz, xonalarda qo‘yilgan isitish batareyalari standart talablariga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligiga amin bo‘ldik. Chunki hozir cho‘yan batareyalardan foydalanish taqiqlangan bo‘lib, ularning o‘rniga plastik batareyalardan foydalanilmoqda. 

“Bu masala yuzasidan tuman hokimiyati va boshqa mutasaddi vakillarga murojaat etdik, ammo ijobiy hech qanday yechim bo‘lmadi. Faqatgina uy koteliga yoqish uchun 500 kilogramm ko‘mir berishdi xolos. Zamonaviy uylarni ko‘mir bilan isitish juda kulgili. Gaz quvuri kelgan, ammo ulab berishmayapti. Bu - shu uyni qurgan “Marmar” xususiy korxonasi vakolatiga kirarmish. Ular bilan gaplashsak esa, bizning shartnomada uylarni gazlashtirish shartlari ko‘rsatilmagan edi, deyishmoqda. Xullas, har ikki tomon ham mas'uliyatni o‘zidan soqit qilishga urinmoqda”, deydi yana bir fuqaro.

Taom pishirish, choy-poy degan narsalar uchun esa har kim o‘z uyiga suyultirilgan gaz balloni olib kelib joylashtirsin, deb aytishibdi fuqarolarga. Tasavvur qiling, foydalanish uchun topshirilganiga endigina bir yil to‘lgan uyda gaz ballonidan foydalanilsa, bu na xavfsizlik talablariga va na boshqa qoliplarga to‘g‘ri kelmaydi.

Bundan tashqari, ushbu uyda yashovchilarning aytishicha, suv bosimi juda past. Agar to‘rt-besh xonadon bir vaqtning o‘zidan suvdan foydalansa, u uchinchi va to‘rtinchi qavatdagi xonadonlarga yetib bormaydi. Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz lozimki, ana shu uyda oz emas, ko‘p emas naq 60 xonadon istiqomat qiladi.

E'tiborimizni tortgan yana bir holat – bu uy oldidagi, nomigagina qurib bitkazilgan bolalar o‘ynash maydonchasi bo‘ldi. Beton va temir-tersaklar bilan to‘lib-toshib yotgan maydonchada o‘ynash bola uchun juda xavfli bo‘lib, bu yer ham hech qaysi standartga to‘g‘ri kelmaydi. Qarovsiz holatda yotgan maydonchani ta'mirlash bilan ham hech kim qiziqmagani juda hayratlanarli. 

- Oyiga 1 million 230 ming so‘m to‘layman”, - dedi shu uyda istiqomat qilayotgan fuqarolardan biri. – Lekin xonalar yashash uchun yaroqli emas. Jumraklardan muntazam suv oqib yotadi, isitish tizimi nol. Qishda qanday kun o‘tkazamiz, boshimiz qotgan...

Ha, vaziyat ancha jiddiy. Tashqi ko‘rinishidan binoyidek tuyulgan uyning ichi darz ketgan. Ko‘rinib turibdiki, uyni qurishda ko‘zbo‘yamachilik qilingan, “qo‘ldan o‘tar” etib qurilgan uy, mana, bugunga kelib o‘z “sirlarini” fosh qilmoqda. Bu muammo bilan viloyat va tuman hokimiyati astoydil qiziqib ko‘rsa, yaxshi bo‘lardi. Chunki 60 xonadonda yashayotgan qanchadan qancha qorako‘z bu muammolar yechimi ijobiy tomonga o‘zgarishini kutib yashashmoqda. Mavzuga yana qaytamiz...

Sarvar Anvar o‘g‘li
KUN.UZ muxbiri

Top