22:00 / 26.12.2017
13870

Majburiy obuna haqidagi maqolani o‘qib: mablag‘lar dunyo tan olgan asarlarni chop etishga yo‘naltirilishi kerak

«Obuna mavsumi. Majburlashlar avj olayotgan bu sohani ham tartibga solish fursati yetib kelmadimi?» maqolasi yuzasidan o‘z fikrlarimni bildirishga jazm qildim.

Har bir ota-ona o‘z farzandi komil inson bo‘lishi uchun harakat qiladi. Ta'lim olishi uchun unga kerak bo‘lgan barcha sharoitlarni imkoniyati yetguncha yaratib beradi. Shu bilan birga, uy vazifalarini tayyorlashda ko‘mak berish bilan qaytadan «o‘quvchi»ga ham aylanadi.

Men farzandlarimning kundalik uy vazifalarini bajarishlari nazorati uchun iloji boricha dam olish vaqtimni ularga sarflayman. Uy vazifalar yakunlangach, bolalarimda kitobga muhabbat qo‘yishlari uchun ular yoshiga mos, bolaligimda o‘qigan, o‘z shaxsiy kutubxonamdagi bor kitoblarimdan qiziq joylarini o‘qib beraman. Ular voqealarning davomini bilish uchun, bu asarlarni o‘zlari boshdan o‘qib chiqishadi.

Shuning uchun bo‘lsa kerak o‘quvchi farzandlarim maktab kutubxonasidan kitob olib kelib o‘qishga juda qiziqadi. Lekin...

Maktab kutubxonasi kitoblari qaysi badiiy kengashlardan tasdiqlanib, maktab ostonasini xatlab kirib kelyapti? Imlo xatolariga ko‘z yumsangiz, kitob mazmunida turgan ma'naviy ozuqani topolmay na o‘qishni, na o‘qimaslikni bilasiz. Oxirgi chorangiz «Kel bolam, men bilan televizorni tomosha qil, shu bizga qiziqarliroq ma'lumot beradi», deb yuborasiz.

Har yilgidek bu yil ham farzandlarim o‘z sinfdoshlari orasida kamsitilishi oldini olish maqsadida, 2018 yil «majburiy obuna»si uchun 15 ming so‘mdan, 2 bola uchun 30 ming so‘m berib, «qog‘ozning uvoliga qolgur» soha vakillarini qo‘llab-quvvatlashga o‘z hissamni qo‘shdim. Pul achchig‘i — jon achchig‘i ekanmi, Prezidentimiz gaplaridan kuch olib, obuna jarayoni yuzasidan tanqidiy tahlil qilishga harakat qildim.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi saytiga kirib, hozirgi kunda maktablarda o‘quvchilar soni qancha ekanligini bilsam, saytdagi ma'lumotga ko‘ra hozirda Respublika bo‘yicha 9.680ta maktablarda 4.808.058 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan ekan.

Bu o‘quvchilarning 15 foizini shartli ravishda turli to‘lov va yig‘imlardan ozod qilingan toifa deb hisoblasak, 4.086.849 nafar qoladi. Qishloq joyidagi quyi sinf o‘quvchisidan yig‘ilgan 15 ming so‘mni o‘rtacha obuna uchun yig‘im deb hisoblab, 15 mingni 4.086.849 nafar bolaga ko‘paytirsak, 61 milliard 302 million 735 ming so‘m qiymati hosil bo‘ladi. 61 milliard so‘m ekan-da, deyishga shoshilmang. Bu — xomcho‘t. Yana bu mablag‘ni semirishini istasangiz uzoqdan izlamaymiz. O‘qituvchilar, shifokorlar, pensionerlar, talabalar, ishchilar va xizmatchilar... xullas barcha davlat byudjyetidan daromad oluvchi fuqarolar.

Shu qadar katta mablag‘ yig‘ilib, qaysidir hisob raqamlarga o‘tib, qaysidir kimlarning oilasi yashash tarzini obod bo‘lishi aniq, lekin jamiyatchi, jamiyatga bundan nima foyda? Bu mablag‘lar kitob ishlab chiqarish sohasini rivojlantirishga sarflasa bo‘lmaydimi?

Agar bu mablag‘larni qabul qilib olayotgan nashrlar zimmasiga hech kim o‘qimaydigan gazeta-jurnalini bosib chiqargandan ko‘ra, o‘sha mablag‘lar doirasida har bir obunachisiga ilmiy, adabiy, badiiy yo‘nalishdagi dunyo tan olgan asarlarini o‘zbek tilida sifatli chop qilib kitob shaklida yetkazib berishganda, menimcha bizning bolalarimiz intellekt jihatidan yaponlarni ham, koreyslarni ham ortda qoldirishlari aniq.

Bu bilan men majburiy obunani Respublika bo‘yicha batamom tugatib, majburiy yig‘imlar hisobiga faoliyat yuritadigan kitob sohasida faoliyat yuritadigan yagona davlat organi tashkil etishni lozim, deb hisoblayman.

Ushbu davlat organi tushgan mablag‘lar hisobidan jahonning tengsiz, durdona asarlarini O‘zbekiston xalqlarining tillariga o‘girish, ularni sifatli chop etish va barcha korxona, tashkilot va muassasalar kutubxonasi fondini boyitib borish vazifalari yuklatilishi lozim.

Men bir yurt farzandi sifatida ushbu sohani rivoji uchun majburiy obuna uchun berib kelayotgan pulimni har yili o‘z ixtiyorim bilan yig‘im berishga tayyorman.

Davriy nashrlar sohasi islohotga muhtoj. Buni davlat miqyosida amalga oshirish zarur.

Hozirgi globallashuv zamonida hech qanday axborot gazeta va jurnallarda bosilib chiqquncha tarqashini kutib turmaydi. Davriy nashrlardan axborot olishga jamiyat ehtiyoji tobora kamayib bormoqda.

O.Qurbonova,

Farg‘ona viloyatidan.

KUN.UZ tahririyatiga: O‘tgan oy bir davlat organiga bir taklif bilan chiqsam, xonadonimga 7 kishi kelib, «Sizning fikringiz biz uchun juda qimmatli, kelgusida bu fikringiz bo‘yicha qonun loyihalarini tayyorlashda foydalanamiz, lekin bizda ijro intizomi shunaqa, prokuratura tekshiradi, shuning uchun biz bilan birga rasmga tushib berasiz, bundan tashqari fikringiz bo‘yicha tekshirish o‘tkazganligimizni tasdiqlab, tushuntirish xati yozib berishingiz kerak», deb turib oldi. Ularning barchasi kimningdir «aqlli» topshirig‘i bilan uzoq manzildan kelganligini tushunib, darrov ularni bu yukdan xalos qildim.

Shu sababli manzilim va ismimni qisqa qildim.

Mavzuga oid
Top