10:50 / 28.12.2017
179446

Prezident g‘azabiga yo‘liqqan «Ostrogorskiy» haqida ma'lumotlar berildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida Moliya vazirligi tizimidagi sobiq vazir va sobiq boshqarma boshlig‘ining ish uslubini jiddiy tanqid qilgan edi. Shundan so‘ng prezident o‘z nutqida Ostrogorskiy deb kimni aytganiga qiziqish ortdi, internetda prezident tanqidiga uchragan ushbu shaxs muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Keyinroq ma'lum bo‘lishicha,  Prezident bunda moliya vazirligining davlat byudjyeti bosh boshqarmasi sobiq boshlig‘i Ella Ostrogojskayani nazarda tutgan.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Ella Ostrogojskaya haqida ayrim ma'lumotlar keltirilgan maqolani e'lon qildi.

Ella Ostrogojskaya aslida kim bo‘lgan?

Suratda o‘rtada sobiq Moliya vaziri Rustam Azimov, uning chap tomonida Ella Ostrogojskaya
Foto: Gazeta.kg

Ijtimoiy tarmoqlardagi ma'lumotlarda Ella Ostrogojskayaning aql bovar qilmas darajada «o‘zlashtirib yuborilgan» mablag‘lari va uning chet elda o‘qib, o‘sha yerda yashab qolgan farzandi haqida bayon etilgan. Shuningdek, uning chet davlatlarda mulklari borligi va boshqa mamlakat fuqaroligiga ham ega ekani qayd etilgan.

Bizda bu faktlarni tasdiqlovchi ma'lumotlar yo‘q. Qo‘limizdagi rasmiy ma'lumotlar esa quyidagicha:

E. Ostrogojskaya ko‘p yillar moliya vazirligining davlat byudjyeti bosh boshqarmasining boshlig‘i lavozimida ishlagan. Faoliyati davomida mamlakatimiz iqtisodiyotiga va davlat byudjyetiga katta zarar yetkazgan. O‘zini xon, ko‘lankasini maydon, deb hisoblagan bu amaldor byudjyet profitsiti ko‘rsatkichlarini soxtalashtirish, bu orqali esa soxta obro‘-e'tibor qozonishga harakat qilgan.

Har yili hisobot yilining 15 dekabridan boshlab byudjyet tashkilotlari bo‘yicha barcha turdagi xarajatlarni, jumladan, oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zaruriy to‘lovlarni sun'iy to‘xtatib qo‘ygan. Sobiq vazir bilan til biriktirib, davlat rahbariga yolg‘on hisobot berishni odatiy holga aylantirgan.

Oqibatda hududlarning rejadan oshirib bajargan daromadlari respublika byudjyetiga majburan olib qo‘yilgan. Ularning ustidan hukm o‘tkazib, bosh egib kelmaguncha erkin mablag‘lar qoldig‘i ularning ixtiyoriga qaytarib berilmagan.

Vaziyat shu darajagacha yetib borganki, E. Ostrogojskaya sobiq vazir va xodimlar boshqarmasining sobiq boshlig‘i bilan til biriktirib, vazir o‘rinbosarlariga ham tazyiq o‘tkaza boshlagan. O‘ziga yoqmaganlarning lavozimini pasaytirgan yoki ularni ishdan bo‘shatgan.

Birgina misol: hududlarning moliyaviy haq-huquqlarini himoya qilgan vazir o‘rinbosarlaridan birini dastlab jamg‘armaga, keyinchalik eng quyi bo‘g‘inga ishga yuborgan.

Bugungi kunda haqiqat qaror topib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur shaxs munosib lavozimga tayinlandi.

Davlat byudjyeti loyihasini tayyorlashda xalqimizning eng zarur ehtiyojlari umuman hisobga olinmagan.

Shu o‘rinda bir fakt: 2016 yilgi davlat byudjyetida tez tibbiy yordamning bir chaqiruvi uchun bor-yo‘g‘i 483 so‘m ko‘zda tutilgan. Mamlakatimiz bo‘yicha dori-darmon va tibbiyot vositalariga 229 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu raqamlarni taqqoslash uchun 2018 yilgi davlat byudjyeti parametrlarida tez tibbiy yordamning bir chaqiruvi uchun 5 ming so‘m yoki dori-darmon va tibbiyot vositalariga 915 milliard so‘m (4 baravar ko‘p) rejalashtirilganligini ko‘rsatib o‘tish mumkin. Endi tasavvur qiling, tez tibbiy yordamning bir chaqiruvi uchun 483 so‘m belgilagan bu «jonkuyarlar» nahotki ketadigan haqiqiy xarajatlarni hisobga olmagan bo‘lsa?

Bitta shprits yoki bint ham bundan qimmat-ku?!

Texnika xarajatlari, shifokorning bir kunlik mehnatini kim qoplaydi?!

Aslida tez tibbiy yordamga chaqirilgan shifokorlarning ko‘zingizga qarab turishiga, jamiyatimizda korrupsiyaga yo‘l ochgan shaxslar shular emasmikan?!

Bu hali bir sohaning bir yo‘nalishi. Endi qolganlarini o‘zingiz tasavvur qilavering!

Top