09:20 / 31.12.2017
71651

Andijonda «fasliy kasallik». Haydovchilarning umri kutish bilan o‘tmoqda

So‘ngi uch hafta davomida Andijon viloyatining barcha tumanlarida faoliyat yuritayotgan avtomobillarga  metan gaz quyish shoxobchalarida turnaqator navbatlar paydo bo‘lgan. Avtomobillar egalari 5-6 soatlab  gaz quyilishini kutib, qimmatli vaqtlarini yo‘qotishmoqda.

Gaz quyish shoxobchalari egalari bu holatni qish faslida aholiga gaz berish masalasi birinchi darajali bo‘lgani uchun, metan gaz quyish maskanlariga past bosimda gaz berilayotgani bilan izohlamoqda.

Foto: Kun.uz

«Jalaquduq tumanidagi zapravkalarda ahvol juda achinarli. Mana 30 dekabr kuni tonggi soat 6:00da avtomashinamga gaz quyish uchun maskanga keldim. Soat 12:30 bo‘ldi hamki, hali navbat kelish u yoqda tursin, shoxobcha ichiga kirganim ham yo‘q. Navbatda turganlarning oxiri ko‘rinmaydi. Achinarlisi, maskanning chiqish joyidan tanish-bilishchilik qilib, 15-20 daqiqa ichida balonini to‘ldirib chiqib ketayotganlar bor. Shoxobcha egasidan bunga izoh so‘raganimizda, gapimizni eshitishni ham istashmayapti.

Nahotki, bundaylarga chora qo‘llaydigan tashkilotni o‘zi bo‘lmasa? Yana bir noqulaylik tug‘dirayotgan jihat, gaz quyish maskanlarini soat 8:00dan 17:00gacha ishlaydigan qilib qo‘yishdi. Bu davlat ishida, umuman ish vaqti belgilangan kishilar uchun juda katta noqulaylik-ku?», deya yozadi Andijon viloyati, Jalaquduq tumanidan murojaat qilgan o‘quvchimiz.

Shuni alohida ta'kidlash zarurki, viloyatning barcha tumanlarida ahvol shunday. Avtomashina egalarining qimmatli vaqti gaz quyish maskanlarida o‘tib ketmoqda. 

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Yuqoridagi holat bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Har yili qish oylarida mana shu muammo kuzatiladi. Soha mutasaddilari mazkur kamchilik borasida yoz oylarida aniq reja ishlab chiqarmadilar. Mana yana qish mavsumida doimiy davom etadigan «Fasliy kasallik»ka yana duch kelindi.

Top