19:20 / 01.01.2018
35091

Yangi rekord: Dubayda eng yirik yangi yil lazer tomoshasi 

Birlashgan Arab amirliklarining Dubay shahri eng yirik lazer tomoshasi bo‘yicha yangi yil kechasida jahon rekordini yangiladi. 10 minglab tomoshabinlar uning bevosita guvohi bo‘lishdi, deb xabar qilmoqda jahon OAV. 

Bu yil Light Up 2018 shousi dunyoning eng baland binosi – Burj Xalifadagi an'anaviy mushakbozlik o‘rniga tashkil etildi. Bu safar yangi yil kirib kelishiga bir necha soniya qolganida vaqt ortga sanaldi. Shundan so‘ng tomoshabinlar salkam 7 daqiqa mobaynida eng baland osmono‘par bino, qo‘shni inshootlar hamda mashhur musiqiy favvoralarda lazer shousiga guvoh bo‘lishdi. U milliy timsollar bilan to‘ldirilgan. Yakunda eng baland binoda ulkan parvoz qilayotgan lochin aks ettirildi. 

Shunday qilib lazer shousi Ginnessning rekordlar kitobidan joy oladigan bo‘ldi. U "bitta binoda shakllantirilgan eng yirik lazerli va musiqali shou" sifatida e'tirof etildi. 

Avvalgi rekord Hongkong shahriga tegishli bo‘lib, 2013 yilgi lazer tomoshasining maydoni 46 ming metr kvadratni tashkil etgan edi. Dubay tomoshasi Hongkong maydonini 2 martadan ko‘proqqa ortda qoldirdi. Proyektsiya maydoni 109 ming m2 ni tashkil etdi. 

Mavzuga oid
Top