23:20 / 01.01.2018
81855

Gaz ta'minotchisining oddiy sxemasi ishga tushganda. Bolalar esa o‘tin terib katta bo‘lmoqda

Foto: KUN.UZ

Ibrat va o‘rnak. Garchi bu so‘zlar mohiyatan bir xil ma'no bergani bilan, ikkisining orasida nozik farq bor. Ya'ni odam bolasi yaxshilikdan o‘rnak oladi, yomon hodisa va odatdan esa ibrat olishi tayin. Kun.uz tahririyatiga yetib kelgan navbatdagi murojaat o‘quvchining yuragini larzaga keltirsa kerak, bu ibratmi yoki o‘rnak?!

Gap shundaki, unda qishloq aholisi xonadonga tabiiy gaz, uzluksiz elektr energiyasi yoki toza ichimlik suvi yetib kelmaganidan shikoyat qilmagan. Barchasini bir boshdan muxtasar aytaylik.

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanining bir qismida Ko‘hitang tog‘ tizmasi yastanib turadi. Go‘zal manzara aks etgan tog‘lar orasiga kirib borsangiz, ko‘z oldingizda Zarabog‘ va Pashxo‘rd botiqlari paydo bo‘ladi. Balki bu nomlarga tarix kitoblarida ko‘zingiz tushgandir, balki uning buyuk o‘tmishidan xabaringiz bordir, ammo uning bugungi ahvoli achinarli holatda ekani hech kimni qiziqtirmay qo‘ygan!

Ma'lum qilinishicha, 825ta oila yoxud 3118 nafar kishi istiqomat qilib kelayotgan «Uchyog‘och»​ MFYda na tabiiy gaz, na toza ichimlik suvi bor. Uzluksiz elektr energiyasidan daraklar onda-sonda kelib qoladi. Qishloq aholisi esa bor-yo‘g‘i suyultirilgan gaz ballonlari quvvatiga kun kechirishga majbur. Shu bilan ovqat pishadi, qishning sovuq kunlari o‘tadi, shaxsiy ehtiyoj uchun.. qo‘yingki, gaz balloni qishloqda mavjud hayotning birdan-bir manbai hisoblanadi. Kishilar bu hayotdan norozimi? Aslo, ularni qiynagan masala, vaqtida yetkazib berilmayotgan suyultirilgan gaz ballonlaridir.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan bir guruh qishloq faollarining ta'kidlashicha, Pashxo‘rdga gaz balloni ikki yarim oyda (!) bir marta keladi. Vaholanki, ana shu ballonlar ham qishloqning barcha a'zolariga yetib bormaydi. Muammo nimada?

Tartib va taomil shu - kimning balloni ko‘p bo‘lsa, o‘sha yutadi.

Aniqlanishicha, mahallada yashovchi bir qancha «hurmatli» xonadon egalari 8tagacha gaz balloni bilan ta'minlangan, «quyi tabaqa vakillari» esa 2tasiga qanoat qiladi. Tabiiyki, ko‘proq gaz ballonlariga ega fuqaro birdaniga shuncha ballonga ehtiyoj his etadi, ya'ni bo‘shab qolgan 8tani keltirilgan 8tasiga almashtiradi. Iye, adolat qani, dersiz? Adolat qattiq uyquda xurrak otib turgan paytda, gaz ta'minotchisining bu bilan nima ishi bor?! U ham naqdidan, ham vaqtidan yutish uchun ajoyib, ayni vaqtda oddiy sxemani ishga tushirdi.

Kelishidan bir kun avval zang qoqib, mahallaning «gaz ballonlari»ni bitta hovliga to‘plab turishni so‘raydi. Barcha to‘ldirilgan gaz ballonlar ham shu xonadonda qoldiriladi. Hech kimning yong‘in xavfsizligi, tartib va taomil bilan ishi yo‘q. Qarabsizki, kimdir quruq gaz ballon bilan qolib ketishi odatiy holga aylanadi. Aslida 643 ro‘zg‘orning deyarli 150tasida gaz ballonining o‘zi yo‘q. Ular ko‘mir va o‘tin hisobiga kun kechirishga o‘rgandi, majbur va bu allaqachon odatiy hol sanaladi.

Nega gaz balloni ikki oyda bir marta keltiriladi?

Shunday savol bilan Sherobod tuman hokimiyatiga yo‘l oldik. Tuman gaz ta'minoti bosh muhandisining ta'kidlashicha, Sherobod tumanida suyultirilgan gaz ballonlarni to‘ldirish markazi mavjud emas. Qo‘shni tumanlarda mavjud imkoniyatdan foydalanishga majbur bo‘layotgan mutasaddi aholiga gaz ballonlarni o‘z vaqtida yetkazib berish uchun qo‘shimcha transport vositasi ham yo‘qligini ma'lum qildi. Bu uning muammoga sabab qilib ko‘rsata olgan yagona vaji bo‘ldi.

Xulosa shu bo‘ldiki, hech bir taraf yechimni aniq ko‘rsatib bera olmadi. Aholi esa shunchaki gaz ballonlarni bir oyda bir marta almashtirilishini (vaholanki bepul emas, to‘lovi bor) so‘ramoqda. Buyuk kelajakni sovib turgan to‘rt devor ichida yashayotgan oilayu, kun bo‘yi o‘tin terib yurgan bolalar bilan qurishning imkoniyati yo‘q.

Mavzuga oid
Top