12:40 / 01.01.2018
3486

Italiya YeXHT raisligi davrida mintaqaviy muammolarni hal etmoqchi

Foto: TASS

Italiya 2018 yilning 1 yanvarida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga raislik qilishni Avstriyadan rasman qabul qilib oldi. 11 yanvar kuni tashkilotning Venadagi qarorgohida Italiya Tashqi ishlar vaziri Anjyelino Alfano kelgusi yildagi vazifalar va dastur haqida katta chiqish qiladi.

Vazir Italiyaning birinchi tashabbusi antisemitizmga qarshi xalqaro konferensiya o‘tkazish ekanini ayon qilib bo‘lgan. Rim bir necha marta o‘z raisligi davridagi ustivor vazifa sifatida YeXHT Yevropada xavfsizlikni ta'minlovchi maydonga aylanishini aytib o‘tgandi.

Bundan avvalroq TASS agentligiga bergan intervyusida Alfano, "YeXHT Yevropa davlatlari uchun muloqotlar va hamkorlik uchun asosiy maydon bo‘lishi kerakligi"ni aytib o‘tgandi.

"Italiya aynan shunday kayfiyatda 2018 yilgi raislik uchun tayyorlanmoqda", - degan u. 

TIV rahbari Italiyaning raislikdagi asosiy maqsadlari qatorida Ukraina inqirozini bartaraf etish, shuningdek, Tog‘li-Qorabog‘ nizosini to‘xtatish maqsadlarini aytib o‘tgan.

Italyanlar migrantlar va qochqinlar bilan bog‘liq inqirozli holat bo‘yicha ham ishlamoqchi va O‘rta Yer dengizi mintaqasidagi holatni kun tartibiga olib chiqmoqchi. Italiya hukumati bir necha marta bu hudud Yevropaning janubdagi bir cheti emas, qit'a yuragi sifatida qabul qilina boshlashi kerakligi haqida aytib o‘tgandi. Rimdagilar aynan shu yerdan Yevropa xavfsizligi ta'minlanishi kerakligini uqtirishmoqda. Shu bilan birgalikda, Italiya sharqdagi vaziyatga ham jiddiylik bilan yondashadi va o‘z harbiylarini NATOning sharqiy batalonlari joylashgan Polsha va Boltiq bo‘yi davlatlariga yuboradi.

YeXHT raisligida yana bir vazifa bor - tashkilot a'zolari muloqotini rivojlantirish, ular o‘rtasida o‘zaro ishonch muhitini qaytarish. Dekabr oyi boshida Avstriya raisligida o‘tkazilgan YeXHT TIV rahbarlari kengashida bu boradagi vaziyat yomonlashgani ko‘rinib qolgandi. Tomonlar barcha masalalar bo‘yicha, xususan, Yevropadagi harbiy-siyosiy xavfsizlik borasida qarorlar qabul qila olishmagandi.

Top