20:00 / 02.01.2018
27756

Markaziy Osiyo prezidentlari yangi yil oqshomida qanday tilaklar bildirishdi?

Foto: akorda.kz

Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari yangi yil oqshomida qanday tilak va orzularni bildirishdi? Mintaqa siyosatchilarning yangi yil tabrigini qozog‘istonlik siyosatshunos Yerlan Karin o‘z Telegram kanalida sharhladi.

Siyosatshunosning qayd etishicha, an'anaga ko‘ra Markaziy Osiyo yetakchilari tugab borayotgan yilning so‘nggi daqiqalarida albatta o‘z fuqarolarini teleekrandan turib yangi yil bilan qutlaydi. Bu nafaqat siyosiy an'anaga aylangan, balki yangi yil bayramining muhim ajralmas qismi ham bo‘lib ulgurgan.

«Agar o‘tgan yili bu faxrli yumush bilan ilk marta O‘zbekistonning yangi yetakchisi Shavkat Mirziyoyev chiqish qilgan bo‘lsa, bu safar yangi yil oqshomida o‘z xalqiga ilk marta Qirg‘izistonning yaqindagina saylangan yangi prezidenti Sooranbay Jeenbekov tabrik yo‘lladi. Yangi yil tabrigi — albatta, hukumat uchun ko‘p sonli topshiriqlar, jamiyat uchun keng qamrovli nomalardan iborat prezident murojaatnomasi emas, albatta, lekin ushbu qisqa nutqlarda yetakchilar o‘tib borayotgan yilning eng ahamiyatga molik onlari va yangi yildagi ustuvorliklarga umumiy tarzda shama qilishga harakat qilishadi. Shu sababli Markaziy Osiyo siyosati bilan qiziquvchilarga mintaqa yetakchilarining yangi yil tabriklariga doir mana shunday tahliliy sharh qiziq bo‘lsa kerak», — deb yozgan Karin o‘zining Telegram kanalida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yangi yil murojaati birinchi navbatda o‘tib borayotgan yilning asosiy yakunlarini umumlashtirish va fuqarolarga uni yana bir marta eslatish imkoniyati hamdir.

«Bu bo‘lim Qozog‘iston yetakchisida ancha salmoqli ko‘rinish hosil qildi — bunga EKSPO, ShHT va IHT sammitlari, Qozog‘istonning BMT Xavfsizlik Kengashi tarkibiga saylanishi va 2017 yilning boshqa yorqin voqealari qo‘shildi.

Turkmaniston prezidenti birinchi navbatda Ashxobodda yopiq inshootlarda va jang san'ati bo‘yicha Osiyo o‘yinlarining o‘tkazilgani, yangi infratuzilma obektlari — Turkmanobod–Farob yo‘nalishi bo‘yicha Amudaryo ustidan avtomobil va temiryo‘l ko‘priklari ishga tushirilgani, Ashxobodda yangi ofis va turarjoy binolari qurilganini qayd etib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti mamlakatning 2017 yildagi tashqi siyosatda erishgan yutuqlariga alohida urg‘u berdi, jumladan, O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlari prinsip jihatdan yangi asosda rivojlanayotgani qayd etib o‘tildi. Faqat shuning o‘zidan ham prezident mintaqaviy hamkorlikka yangi impuls bera olganidan faxrlanishini payqash mumkin. Adolat yuzasidan tan olish kerakki, haqiqatdan ham Markaziy Osiyo yetakchilari aloqalarida kuzatilayotgan faollikni aynan Shavkat Mirziyoyevning sa'y-harakatlari bilan bog‘lash mumkin.

Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilari 2017 yil yakunlari o‘z mamlakatlariga ko‘p ham to‘xtalib o‘tirishmadi. Masalan, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon yangi yil tabrigining indallosida «Bir necha kun avval prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasida 2017 yilda erishgan yutuqlarimiz atroflicha muhokama etilgan edi», deb aytib qo‘ydi va takror gapirmasligiga shama qildi. Tojikiston yetakchisi 2017 yil Yoshlar yili bo‘lgani, davlat va jamiyat yoshlarning muammolariga ko‘proq diqqat-eʼtibor qaratganini ta'kidlab o‘tdi.

Qirg‘izistonning yangi yetakchisi Sooronbay Jeenbekov prezidentlik lavozimiga kirishganiga bir oydan sal ko‘proq vaqt bo‘ldi, shu sababli uning 2017 yilning yakunlari va yutuqlarini sanashidan ma'ni yo‘q edi. U o‘z murojaatini 2017 yil tarixiy yil bo‘lgani bilan boshlab, muayyan natijalarni tilga olmasdan, baholovchi iboralardan foydalangan. O‘tgan yilning asosiy yutug‘i sifatida ochiq va raqobat asosida prezidentlik saylovi o‘tkazilgani, yangi prezident, ya'ni o‘zi saylanganini alohida qayd etgan. Bu borada unga qo‘shilmasdan ilojimiz yo‘q», — degan Karin.

Siyosatshunosning ta'kidlashicha, prezidentlarning yangi yil tabriklaridagi eng asosiy qism — kelajak haqidagi chiqishlardir.

«Qozog‘iston yetakchisining siyosiy grafigi o‘ta zich bo‘ladi. Nafaqat Qozog‘iston tarixida, butun mintaqa tarixida ham qozog‘istonlik diplomatlar BMT Xavfsizlik Kengashida moderatorlik qilishadi. Shu sababli Qozog‘iston 2018 yilni katta start bilan boshlaydi.

Turkmaniston prezidenti yangi yilda Xalq Maslahatining ilk yig‘ilishini o‘tkazadi, shuningdek Ipak yo‘lini qayta tiklash ustida ish olib boradi, buning uchun hattoki 2018 yilga shior ham tanlab bo‘lingan: «Turkmaniston — Buyuk Ipak yo‘lining yuragi». Orqatog‘ 1 yanvardan boshlab ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdori 10 foizga oshirilishini ham e'lon qildi.

Shavkat Mirziyoyev biznes uchun imkoniyatlarni kengaytirish borasida o‘zi boshlab bergan yo‘lni kuchaytirish niyatida, shu sababli 2018 yil O‘zbekistonda «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» deb e'lon qilindi. Ilgari surilayotgan tashabbuslarning muhimligini ta'kidlash maqsadida, O‘zbekiston yetakchisi 2018 yil O‘zbekiston taraqqiyotida hal qiluvchi yil bo‘ladi, deb bayonot berdi.

Tojikiston prezidenti shu yildan mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga tayyorgarlik ko‘rishni boshdan niyatida. Boshqa ustuvor vazifalarni u yaqinda parlamentga murojaatida belgilab berganga o‘xshaydi.

Qirg‘iziston prezidentining yangi yil tabrigi — bir qator shifrlangan murojaatlar ro‘yxatiga o‘xshaydi. Xususan, u yaqinda Qirg‘izistonni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasi qabul qilinishini qayd etdi. Bu hujjat avvalgi prezident Almazbek Atamboyev tomonidan ham bir necha bor anons qilingan. Aftidan, Jeenbekov bu bilan sobiq prezidentning tutgan yo‘lini davom ettirishini ta'kidlashni istagandek. Jeenbekov o‘z tabrigida mamlakat toza va adolatli jamiyat qurishga kirishganini aytib o‘tdi. Bu esa Qirg‘izistonning hozirgi bosh vaziri Sapar Isaqov tomonidan ilgari surilayotgan «Taza koom» («Shaffof jamiyat») dasturiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havola va buni ham ularning tandemi buzilmas ekanligiga signal sifatida qabul qilinishi mumkin. Jeenbekovning yana bir tezisi «biz qat'iyat bilan mamlkatni korrupsiyadan tozalaymiz» degani bo‘ldi — bu esa uning barcha potensial raqiblariga ogohlantirish. Dastlabki kunlaridan farqli o‘laroq, Jeenbekov yangi yil tabrigida ma'lum bir mamlakatlarni ustuvor sifatida ajratib o‘tirmadi va barcha hamkasblariga yagona murojaat yo‘lladi — «qo‘shnilarimiz bilan an'anaviy do‘stlikni yangi bosqichga ko‘taramiz», deb. Aftidan, Qirg‘izistonning yangi prezidenti Atamboyev stilida har bir mamlakatga alohida xushomad qilsa o‘zining manyovr qilish maydonini toraytirishini tushungan ko‘rinadi», — deya MO davlatlari yetakchilari yangi yil murojaatlarini tahlil qilib chiqqan siyosatshunos.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Markaziy Osiyo prezidentlari siyosiy ritorikasida ayrim o‘ziga xosliklar vujudga kelganini ham qayd etgan. «Emomali Rahmon o‘z tabrigini 2017 yil tugab, 2018 yil kirib kelayotgani va bu... grigorian taqvimi bo‘yicha ro‘y berayotganini ta'kidlagan. Sooronbay Jeenbekov esa o‘z tabrigini «Yaratgan qirg‘iz xalqini farovonlikdan qismasin», deb yakunlagan. Aftidan, qirg‘iz va tojik elitasi elektorat tuzilmasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va yangi trendlar bilan hisoblashishga majbur bo‘lishmoqda.

Nima bo‘lganda ham, o‘zlarining asosiy tilaklarida Markaziy Osiyo yetakchilari o‘xshash gaplarni aytishdi va yagona qadriyatlar — tinchlik, totuvlik, birlik va barqarorlikni tilga olishdi», — deya o‘z fikrlarini yakunlagan Yerlan Karin.

Top