19:20 / 02.01.2018
14541

Moldaviya prezidentining vakolatlari to‘xtatib qo‘yildi

Foto: TASS, Mixail Mettsel

Moldaviya Konstitutsion sudi mamlakat prezidenti Igor Dodonning vakolatlarini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ydi. Sud bu qarorni hukumatdagi koalitsiya deputatlari guruhi (Demokratik partiya) so‘roviga ko‘ra qabul qildi.

Bunga o‘tgan haftada Dodon bosh vazirning 5 vazirlik rahbari va ikki vazir o‘rinbosari lavozimiga taklif etgan nomzodlarini ikkinchi martaba rad etishi sabab bo‘lmoqda.

Endilikda sud prezident vakolatlari kimga o‘tishini hal qilishi kerak. Bu parlament spikeri Andrian Kandu yoki bosh vazir Pavel Filip bo‘lishi mumkin. Yaqin vaqt ichida ulardan biri hukumat vakillarini tayinlashga kirishadi.

Bundan avvalroq Konstitutsion sud Kanduga mudofaa vazirini mustaqil ravishda tayinlashga ruxsat bergandi.

Igor Dodon rossiyaparast siyosatchi hisoblanadi, Demokratik partiya esa Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni mustahkamlashga intiladi.

O‘tgan yilning oktabr oyida Dodon muddatidan avvalgi parlament saylovlari o‘tkazish va mamlakatni parlamentar respublikadan prezidentlik respublikasiga aylantirish kampaniyasini boshlagandi. Uning bu qarori Moldaviya Konstitutsion Sudi uni de-fakto ravishda dekorativ figura sifatida ko‘ra boshlaganidan keyin qabul qilingandi. Igor Dodonning imzosi endilikda vazirlar, sudyalar va elchilarni tayinlashda, shuningdek, qonunlar kuchga kirishida ahamiyatga ega bo‘lmaydi.

Dekabr oyida bosh vazir taklifi bilan Dodon hukumatdagi 9 vazirdan 6 nafarini iste'foga chiqargandi. O‘z navbatida u bo‘shagan lavozimlarga bosh vazir tomonidan taklif etilgan nomzodlarni tasdiqlamadi.

Top