19:10 / 02.01.2018
18034

Nazarboyevning qanday yashash va nima qilishga doir fikrlari ibratli rivoyatlarda

Foto: Tengrinews

So‘nggi yillarda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘z chiqishlarida ibratli rivoyatlardan misol keltirmoqda. Davlat rahbari qozog‘istonliklarni 2018 yil bilan qutlar ekan, bir ibratli rivoyatni yodga solishga qaror qildi. Tengrinews Nazarboyevning chiqishlaridagi  rivoyatlarini bir maqolaga birlashtirdi.

Rahbarlar o‘z xodimlariga qanday munosabatda bo‘lishi kerak?

"Sharqda bir ulug‘ maxaraja bo‘lgan ekan, u juda ham zerikib ketibdi. Uning hamma narsasi bor bo‘lgani bois hayotga qiziqishi so‘nggan edi. Maxarajaning talablariga hech kim "yo‘q" deb javob bermaydi, u barchasiga erishgan. Biroq u zerikishdan kasal bo‘lgandi. Qayerdadir uni bu kasallikdan davolovchi avliyo borligini eshitadi. U bir umr xizmat qilgan xizmatkorini o‘zi bilan birga olib, yo‘lga chiqadi. Yo‘lda bo‘ron turib, ularni qum bosib qoldi. Tuyalar va karvon yo‘qoladi. Ular ikkisigina qolishadi. Tashnalikdan o‘zi ham, xizmatkori ham o‘lim yoqasida qolgan edi. Meshda bir necha suv tomchisi bo‘lib, uni yo o‘zi, yoki xizmatkori ichib omon qolishi kerak edi..." - deya so‘zlab bergan Nazarboyev 2016 yilning sentabrida Pavlodar viloyatiga qilgan safari chog‘ida.

"Maxaraja 30 yillik xizmati davomida birinchi marta unga umrini fido qilayotgan xizmatkori borligi haqida o‘ylab qoldi. U esa biror marta unga minnatdorchilik ham bildirmabdi, boshini silamabdi. "Qanday odam bo‘ldim" deb o‘ylab, meshdagi qolgan suvni xizmatkorning og‘ziga tomizibdi. Xizmatkor darrov o‘ziga kelib, yana unga xizmat qila boshlabdi. Shu payt sharros yomg‘ir quyib yuboribdi, hamma omon qolibdi. Shunda xizmatkor "Hazrat, avliyoni izlashda davom etamiz" degan ekan, maxaraja "Yo‘q, men o‘zimga kerakli narsani topdim, boshqa izlashga hojat yo‘q. Uyga qaytamiz!" debdi. Demak, maxaraja o‘ziga xizmat qilgan, amal jihatidan pastroq odamga xayrli ish qilish ortidan baxt topdi. Shu bois yuqori lavozimdagilarning  o‘zidan past martabali xodimlarga hurmati insoniy, olijanob bo‘lishi kerak.  Insonning mohiyati ham shunda", - deya xulosa qildi prezident. Shu bilan birga, Nazarboyev rahbarlar o‘zlarini xodimlaridan yuqori tutib, ular bilan baland ovozda suhbatlashishini yoqtirmasligini ta'kidladi.

Foto: Tengrinews

Qanday qilib baxtli bo‘lish mumkin?

"Hamma baxtli bo‘lishni xohlaydi. Bu baxtni qayerga yashirsam ekan? Yerga bekitsam - topishadi, suvga yashirsam - topishadi. Hatto osmonda ham topishadi. Keling, baxtni har bir insonning o‘ziga yashiraylik. Unga erishish uchun kuchli istak va intilish bo‘lsa bo‘lgani. Sizga baxt tilayman!", - dedi davlat rahbari Yangi yil bayram tantanasida.

"Alloh insonni yaratdi. Uning bir bo‘lak loyi qoldi. Yaratgan insondan yana nima yasab berishni xohlashini so‘radi. Inson aytdi: "Menga baxt ber". Shunda Yaratgan loy bo‘lagini olib, uni insonning kaftiga qo‘yibdi. Ya'ni inson o‘z baxtini o‘zi quradi, inson o‘z kelajagini mehnati bilan quradi. Baxt - birovdan sovg‘a olishda emas, barchasiga o‘z mehnating bilan erishganingda, buni yodda tutish kerak", - deydi Nazarboyev.

Ona mehri haqida

"Yoshlikda bo‘lganidek, yigit qizga qattiq oshiq bo‘libdi. Bu sevgi ko‘zlarni xiralashtiradi, ko‘p narsalarni payqamaysiz... Qiz chiroyli, biroq juda talabchan ekan. Uni yo buni isbotla desa, yigit darrov shu ishni qilar ekan. Bir kuni qiz "Onangning yuragini olib kelsang, senga  ishonaman" deyishgacha boribdi. U qanday qilib bunday qilish mumkinligi haqida o‘ylabdi. Uyda ma'yus o‘tirganmish, na yeyishida va na uyqusida halovat bormish. Oxiri Onaizor so‘rabdi: "O‘g‘lim, senga nima bo‘ldi?". Shunda ona o‘g‘lining qanday so‘nib borayotganini ko‘rib, "Yur, sahroni aylanib kelamiz" debdi. U sahroni kezish  davomida o‘g‘lidan so‘rabdi: "Qanday qilib bunday toshbag‘ir qizni sevib qolding? Uning bunday istaklari bilan qanday yashaysan?" Biroq yigit u qizdan voz kechmasligini aytibdi. Shunda Ona o‘z yuragini sug‘urib olib, o‘g‘liga beribdi. Yurak yo‘l bo‘yi urib turganmish. Kutilmaganda yigit qoqilib, yiqilibdi. Shunda haligi Ona yuragi "O‘g‘lim, oyog‘ing lat yemadimi? Og‘rimayaptimi?" debdi va... urishdan to‘xtabdi. Shunda o‘g‘il yurakni qo‘lga olib, onasining oldiga yugurib kelibdi va yurakni o‘z joyiga qo‘yibdi. Ona o‘ziga kela boshlabdi. Shunda yigit hayotda uni hammadan ko‘p sevuvchi yurakni yo‘qotib qo‘yishiga oz qolganini anglab yetibdi", - dedi Nazarboyev.

Foto: Tengrinews

Boyib ketgan farrosh haqida

"Bir farroshga "Kechirasiz, bizda shunday tartib joriy qilinganki, hatto farrosh ham ma'lumotga ega bo‘lishi kerak. Shuning uchun sizni ishdan bo‘shatishimiz kerak bo‘ladi", deb aytishibdi. U ishdan bo‘shatilibdi. Yura-yura nima qilishni bilmabdi, chunki bundan boshqa ish qo‘lidan kelmas ekan. Nima qilish haqida o‘ylabdi. Oxiri barcha farrosh do‘stlarini bir joyga to‘plabdi. Kompaniya tashkil qilib, tozalay boshlashibdi. Ular halolligi va vijdonliligi ortidan hurmatga sazovor bo‘lishibdi. Bu kompaniya pul ishlay boshlabdi. Shundan so‘ng ular tozalovchi mashinalarni sotib olishibdi. Chiqindilarni qayta ishlovchi zavodni ishga tushirib, badavlat kishilar qatoriga qo‘shilishibdi. U pullarini saqlayotgan bank, uni taklif qilib, shunday debdi: "Siz bizning eng yirik sarmoyadorlarimizdan birisiz, hujjatlarimizda imzoingiz yo‘q ekan, marhamat qilib imzolab bersangiz". U shunday javob beribdi: "Men yozishni bilmayman, "X" belgisini qo‘ysam bo‘ladimi?" Unga javob berishibdi: "Mumkin, biroq siz shuncha pul ishlab topasiz, nima uchun hech qayerda o‘qimagansiz?" U aytibdi: "Agar universitet diplomim bo‘lganida, hali-hanuz bankda farrosh bo‘lib ishlayotgan bo‘lardim". Ya'ni, inson o‘zini turli yo‘llar bilan kashf qiladi", - degan prezident 2016 yilning fevralida Olmaota rivojiga bag‘ishlangan yig‘ilishda.

Darvoqe, intervyulardan birida Nursulton Nazarboyev hayotning mazmuni haqidagi savolga javob berdi. "Yaxshi yashash, vatan farovonligi yo‘lida mehnat qilishda. Boshni qotirmay, bugungi kuningiz bilan umr suring. Biz esa yo o‘tmishda, yoki kelajak bilan yashaymiz. Kim biladi keyin nima bo‘lishini?! Ertaga nima bo‘lishini bilmaymiz. Mana, hozir shu yerda gapirib turibman, 5 daqiqadan keyin bu tarixga aylanadi. Nima uchun yo‘q narsa haqida o‘ylash kerak? Sayyoramiz butun bir galaktikaning bir zarrasi. U asteroid yo meteorit hujumlariga yo‘liqishi mumkin, vulqon otilishi yo zilzila bo‘lishi mumkin. Alloh bizga jon bergan paytda qachon o‘lishimizni hech kimga aytmaydi. Bilganimizda hayot shunday kecharmidi? Hayotning mazmuni - yaxshi yashash, yaqinlarga, do‘st-birodarlarga, vatanga mehr-muhabbatli bo‘lish va farzandlarimiz kelajagiga zamin yaratish".

Top