16:50 / 03.01.2018
215501

Hajga borish tartibi o‘zgardi

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 dekabrdagi 1031-son qarori bilan «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Hajga bormoqchi bo‘lgan fuqaro oldin «Haj»ga bormagan bo‘lishi lozim (oldingi talab so‘nggi 5 yil mobaynida «Haj»ga bormagan bo‘lishi kerak edi). «Umra»ga bormoqchi bo‘lgan fuqaro so‘nggi ikki yil mobaynida «Umra»ga yoki so‘nggi 5 yil ichida «Haj»ga bormagan bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, mahallalarda Hajga borishga nomzodlarni saralab olish uchun ishchi guruhlar tuziladi.

«Haj» tadbiriga borishga nomzodlarni mahalla fuqarolar yig‘ini miqyosida saralab olish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida tuman (shahar) hokimi tomonidan 7 kishidan iborat tarkibdagi ishchi guruh tuziladi.

Ishchi guruh tarkibiga, qoidaga ko‘ra, tuman bosh imomi, mahallaga biriktirilgan imom, mahalla raisi, diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, profilaktika inspektori, Xotin-qizlar qo‘mitasi va O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi vakillari kiritiladi.

«Haj» tadbiriga borishga nomzodlar navbatga qo‘yilishidan avval maxsus talablar asosida ishchi guruh suhbatidan o‘tkaziladi va saralanadi.

Buning uchun fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan nomzodlarning alohida ro‘yxati shakllantiriladi. Nomzodlarga ular suhbatdan o‘tkazish va saralash uchun ro‘yxatga qo‘shilgani hamda suhbatdan o‘tkazish sanasi va joyi to‘g‘risida fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan xabar beriladi.

Ishchi guruh har oyning 5-sanasidan kech bo‘lmagan muddatda shakllangan ro‘yxat asosida «Haj» tadbiriga boradigan ziyoratchi sifatida navbatga qo‘yish uchun nomzodlarni suhbatdan o‘tkazadi va saralaydi.

«Haj» tadbiriga borishga navbatga qo‘yiladigan nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi kerak bo‘ladi:
a) nomzod moddiy va jismoniy jihatdan «Haj» tadbiriga qodir bo‘lishi;
b) «Haj» amallarini to‘g‘ri va to‘la-to‘kis ado etish uchun yetarli diniy bilimga ega bo‘lishi;
v) nomzod ma'naviyati, ma'rifati va odob-axloqi bilan mahallada obro‘-e'tiborga ega bo‘lishi;
g) oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tasniflanishi, mahalla fuqarolar yig‘inidagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilashda ibrat bo‘la olishi;
d) yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishi, mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkaziladigan xayriya tadbirlarida ishtirok etishi;

Hajga borishga navbatga qo‘yilgan nomzodlar ro‘yxati tegishli hududdagi masjid va o‘zini o‘zi boshqarish organlarining binolarida e'lon qilinadi hamda 15 kun mobaynida ular bo‘yicha jamoatchilik fikri o‘rganiladi.

Ishchi guruhlar nomzodlar bo‘yicha jamoatchilik fikri va e'tirozlarini 5 kun muddatda tekshirishi lozim bo‘ladi.

Ishchi guruh jamoatchilik fikri asosida fuqaroni «Haj»ga boradigan ziyoratchi sifatida navbatga qo‘yish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga 1 kun muddatda tavsiya beradi.

Mavzuga oid
Top