12:20 / 03.01.2018
69151

Eshakxo‘r xitoyliklar. Ularning buyurtmasi bilan dunyo bo‘ylab minglab jonivorlar so‘yilmoqda (foto)

O‘tgan yili Samarqandda «Eshaklar qabristoni» paydo bo‘lgani va u yerda ko‘plab eshaklar shafqatsiz so‘yilgani keng muhokama qilingandi. Bunday vahshiylik esa butun dunyoda tarqalgan. Eskilar «umrining yarmini egasiga berib yuborgan» deya ta'riflagan, butun umri xo‘jayinining xizmatida o‘tadigan beozor eshaklar nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa hududlarda ham shafqatsizlarcha qirg‘in qilinadi. AQShning birinchi raqamli nashri The New York Times Keniyadan reportaj tayyorladi.

Unda eshaklar yoppasiga o‘g‘irlanayotgani va so‘yilayotgani hikoya qilingan. «Mana shu yer»,- deydi 44 yoshli Morris Neru yaqinda o‘zining uch nafar David, Mukurino va Skrach laqabli eshaklarini qonga bo‘yalgan holda topgan yerini ko‘rsatib.

Foto: New York Times

U bozorda ishlaydi va tirikchiligi eshaklari bilan bog‘liq bo‘lgan. Morris eshaklari yordamida shahardan bozorga yuklarini olib keladi. Uning aytishicha, eshaklarisiz kunlik daromadi 30 dollardan 5 dollargacha kamaygan. Bundan tashqari, bolalari ham maktabga borib-kelishga qiynalishmoqda. Butun dunyodagi millionlab insonlar eshaklardan transport sifatida foydalanishadi, bu uy jonivorlari ularning hayotida muhim hisoblanadi, lekin Xitoyda eshaklardan butunlay boshqa maqsadda foydalanishadi, deb yozadi The New York Times.

Xitoyda anchadan buyon eshak terisidan tayyorlanadigan jyelatin tibbiy vosita sifatida ishlatiladi. Xitoyliklar bu turdagi jyelatin insonning yosharishiga yordam beradi deb ishonishadi. Bunday mahsulot Xitoy do‘konlarida ochiqchasiga sotiladi va «sevib iste'mol qilinadi». Bunday «murabbo»ni xitoyliklar «exiao» deb atashgan. Bunday «eliksirlar» 2010 yilda ommalashishni boshladi. O‘sha vaqtda uning bir futi uchun 9 dollar to‘lashgan. Hozir esa eshak terisidan tayyorlangan 1 fut jyelatin 400 dollar turadi. Nashrning ta'kidlashicha, o‘sha yillarda Xitoyda 11 million eshak bo‘lgan va yangi «eliksir» o‘ylab topilgandan keyin ularning soni 3 milliongacha kamayib ketgan. Chunki, eshak bir yilda bir marta tug‘adi va ular homiladorlik vaqtida abortga moyil bo‘ladi. Ya'ni, ko‘p hollarda xo‘tik tug‘ilmasdan, ona qornida nobud bo‘ladi. Shu sababli, xitoylik eshak qotillari butun dunyodan eshak terilari sotib olishni yo‘lga qo‘yishgan.

Foto: New York Times

Times nashri Qirg‘iziston, Meksika va Braziliyada xitoyliklar yoppasiga eshak terisi sotib olishganini yozadi. Keyinchalik xaridorlar Afrikaga ham yetib borishadi. Esilay qishlog‘ida bir yil davomida 475ta eshak yo‘qolgan. «Eshaklar bizning mashinamiz», deydi ushbu qishloqda yashovchi Katasi Moko. Uning aytishicha, to‘rt eshagi yo‘qolgan va endi oziq-ovqat, suv tashishga qiynalmoqda. Afrikaning 14 davlati va Pokiston (eshak transport sifatida muhim bo‘lgan davlatlar) eshaklarning xalqaro savdosi bo‘yicha maxsus cheklov qabul qilishdi va bu o‘z samarasini berib, o‘g‘rilik holatlari kamaygan. Biroq xaridorlar katta pullar evaziga odamlarni o‘g‘rilikka majbur qilishmoqda. 2016 yilda bitta tirik eshak uchun 60 dollardan 165 dollargacha to‘lash boshlangan va Tanzaniya, Keniyada o‘g‘rilik yana avj olgan. Bu ikki davlatdan ikki yilda 100 ming eshak Xitoyga yuborilgani aniqlangan. Bu hali faqat rasmiy ma'lumotlar. Afrikada eshak terisi sotish bilan shug‘ullanadigan do‘konlar ham paydo bo‘la boshladi.

Foto: New York Times

«Bu biznes odamlarga ko‘p foyda bermoqda»,- deydi Keniyadagi korxona direktori Jon Kaiuki. Avval odamlar farzandlarining maktablari uchun sigirlari, echkilarini sotishardi, endi esa eshaklarini sotib pul topishmoqda. «Goldox Kenya LTD» korxonasida bir kunda 450ta eshakning terisi olinadi va korxona asosochilarining fikricha, bu eshak o‘g‘irlashdan yaxshiroq. Chunki endi odamlar jonivorlarini o‘z ixtiyorlari bilan olib kelishmoqda. Keniya hukumati ham bu savdodan foyda ko‘rmoqda va odamlarning qarshiligiga qaramay uni to‘xtatgani yo‘q.

Foto: New York Times

Odamlar-ku suvlarini, oziq-ovqatlarini bir amallab olib kelishar, lekin eng dahshatlisi, o‘ziga tinch xitoyliklarning yosh ko‘rinishi uchun beozor jonivorlarning vahshiylarcha so‘yilayotganidir. Barcha narsa inson uchun degan noto‘g‘ri qarash qanchadan-qancha jonzotlarga qirg‘in keltirmoqda. Qaysidir boyvachcha filning tishidan yasalgan bilyard toshiga, qaybiri timsoh terisidan tayyorlangan oyoq kiyimiga, qo‘zichoq terisidan tikilgan paltoga qiziqadi. Jonivorlarni shunchaki havas uchun ovlash butun boshli turizm tarmog‘iga aylanib ketgan.

Foto: New York Times

Shunday damlarda inson qanchalik vahshiy ekani xayoldan o‘tadi...

Top