22:30 / 04.01.2018
9871

Xorijiy davlatlarda ko‘rgazmalarini o‘tkazishga mo‘ljallangan tovarlarni olib chiqish tartibi  soddalashtirildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 29 dekabr kuni "Xorijiy davlatlarda ko‘rgazma tadbirlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib chiqish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-3451-sonli qarorni imzoladi. Unga ko‘ra:

1. 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab tadbirkorlik sub'yektlariga xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish etish uchun mo‘ljallangan qiymati 5 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan tovarlarni eksport shartnomasini tuzmasdan hamda bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirmasdan, tovarlarning yuk hujjatlariga muvofiq olib chiqishga ruxsat etiladigan bo‘ldi. Prezidentning "Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 2017 yil 3 noyabrdagi PQ-3351-sonli qaroriga ilovada qayd etilgan tovarlar bundan mustasno. 

2. Ushbu qarorning 1-bandiga muvofiq olib chiqiladigan tovarlarni sotishda tadbirkorlik sub'yektlari ularni sotishdan tushadigan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi o‘z hisobraqamlariga, shu jumladan bank o‘tkazmalari, shuningdek, xorijiy valyutadagi naqd pul shaklida kiritish huquqiga ega.

3. Tadbirkorlik sub'yektlari xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarda (yarmarkalarda) namoyish etish uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib chiqishda kesib o‘tiladigan chegara bojxona postini xorijiy davlatlardagi ko‘rgazmada (yarmarkada) ularning ishtirok etishi rejalashtirilayotgan, tadbir o‘tkaziladigan joy, uning muddati va vaqti, shuningdek olib chiqiladigan tovarlar (nomi, miqdori va qiymati) to‘g‘risida xabardor qiladi. 

Bojxona organiga taqdim etiladigan ma'lumotlarning ishonchliligi yuzasidan tadbirkorlik sub'yektlari qonun hujjatlariga muvofiq  javob beradi.

Top