16:20 / 05.01.2018
42847

Yerdan hujjatsiz foydalanganlik uchun jarima 2 karra oshirildi

Foto: KUN.UZ

29.12.2017 yildagi O‘RQ–454-son «Soliq va byudjyet siyosatining 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun bilan Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Norma.uz’ning yozishicha, SKning 121-moddasiga binoan yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanish uchun jarima solinadi.

1.01.2018 yildan boshlab yuridik shaxslar uchun jarima miqdori yer solig‘ining to‘rt karra, jismoniy shaxslar uchun – uch karra summasiga teng.

Ma'lumot uchun: Yer kodeksining 33-moddasiga ko‘ra:

• Yer uchastkasiga doimiy egalik qilish huquqini beruvchi davlat hujjati;
• Yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini beruvchi davlat hujjati;
• Yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini beruvchi davlat hujjati;
• Yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqini beruvchi davlat orderi;
• Yer uchastkasi ijarasi shartnomasi yoki yer uchastkasidan muddatli foydalanish shartnomasi;
• Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risidagi guvohnoma yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlardir.

SKning 108-moddasiga binoan, yuridik shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortilishi tegishli asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, uning mansabdor shaxslarini ma'muriy, jinoiy va boshqa javobgarlikdan ozod etmaydi. Shu bois, korxonaning mansabdor shaxslari yer solig‘ining to‘rt karrasini to‘lash bilan bir birga bir vaqtning o‘zida MJtKning 60-moddasiga ko‘ra EKIHning 15 baravarigacha jarima to‘lashadi.

Top