19:20 / 05.01.2018
12685

Samarqand xalqaro aeroportida «yashil» va «qizil» yo‘laklar tizimi joriy qilindi

Foto: zarnews.uz

2018 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistondagi aeroportlar, jumladan, Samarqand xalqaro aeroportida bojxona hududiga kirib kelish va chiqishda «yashil» va «qizil» yo‘laklar tizimi joriy qilindi.

Bu tizim Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktabrda e'lon qilingan «O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegaralari orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori asosida yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu yo‘laklar fuqarolarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish sharoitlarining jahon standartlariga mosligini ta'minlash, bojxona rasmiyatchiligini soddalashtirish, nazoratning samarali usullarini qo‘llash va turizmni rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni yaratish maqsadida tashkil etilgan.

— «Yashil yo‘lak»ning qulay tomoni shundaki, yo‘lovchilar ushbu yo‘lakdan hech qanday yozma deklaratsiyasiz, olib kirish yoki olib chiqish taqiqlanmagan tovarlar bilan o‘tib ketaveradi, — deydi Samarqand xalqaro aeroporti chegara bojxona posti rahbari Akbarjon Meliboyev. — Qiymati va yoki miqdori bojsiz olib kirish normasidan va aksiz solig‘i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normasidan oshmaydigan mahsulotlar egalari ham shu yo‘lakdan o‘tadi. Yozma deklaratsiyalash talab etmaydigan hamda olib kirish va olib chiqishga ruxsat etilgan O‘zbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi hamda xorijiy valyutasining cheklangan normalari miqdoridagi mablag‘lari bor fuqarolar ham shu yo‘lakdan o‘tadi. Sodda qilib aytganda, yoningizda qiymati 2 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan miqdorda xorijiy valyutangiz bo‘lganda yozma deklaratsiyasiz o‘tasiz. «Qizil yo‘lak»da esa aksincha, belgilangan miqdordan ko‘p valyuta bilan, yozma deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan yuk egalari o‘tadi.

Joriy etilgan ushbu yo‘lakning ilk yo‘lovchilari 2 yanvar kuni «Moskva (Vnukovo) — Samarqand» va «Samarqand — Moskva (Vnukovo)» aviareysi yo‘lovchilari bo‘ldi.

 

Anvar Mustafoqulov,

jurnalist

Top