16:10 / 05.01.2018
35404

Shavkat Mirziyoyev Yangiyo‘l aholisi bilan uchrashdi

Bugun, 5 yanvar kuni Toshkent viloyatiga tashrifi davomida Shavkat Mirziyoyev Yangiyo‘l shahrida aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmat sifati bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari Yangiyo‘l shahridagi «Fayzli» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi.

Shu yerda Yangiyo‘l shahrinining bosh rejasi loyihasi, shahardagi ko‘p qavatli uy-joylarni ta'mirlash dasturi hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirish to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Yangiyo‘l shahrida 86 ming 800 aholi istiqomat qiladi. 241ta ko‘p qavatli uylar bo‘lib, ularga xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari xizmat ko‘rsatadi.

Prezidentga taqdim qilingan loyihalarda shaharda oqava suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va yangilash dasturi, Toshkent viloyatining Qibray va Zangiota tumanlarida suv ta'minotini yaxshilash, Chirchiq shahrining issiqlik tizimini takomillashtirish kabi ma'lumotlar o‘rin olgan.

Davlat rahbari «Fayzli» mahallasi profilaktika inspektori uyida bo‘ldi va aholi bilan muloqot qildi.

Prezident Yangiyo‘l shahridagi mavjud ko‘p qavatli uylarni to‘liq  ta'mirlash, 7 qavatli 12ta yangi ko‘p qavatli uy-joy, zamonaviy bog‘, bozor, supermarket, ko‘prik qurish bo‘yicha mutassaddilarga topshiriq berdi.

Prezidentning Toshkent viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

Top