17:01 / 06.01.2018
18415

Benzema top hujumchimi?

O‘tgan yilning oktabrida xuddi shu ishni angliyalik futbol eksperti, sobiq hujumchi Gari Lineker qilgandi. "Menimcha, Benzemaga haddan ortiq yuqori baho berib yuborilgan" - degandi u - ""Real"dek kuchli jamoa safida har ikki o‘yinda bir gol urish u qadar katta ish emas. E'tirof etish mumkin, ammo qarsak chalishga arzimaydi". Linekerning bu so‘zlari Benzema haqidagi futbol olamidagi, ayniqsa, jurnalistlar va muxlislar orasidagi umumiy fikrlardan u qadar farq qilmasa-da, katta rezonans berdi. Chunki Benzemaning atrofidagi futbolchilar va juda ko‘p mutaxassislar Linekerdan butunlay o‘zgacha fikrlarni aytib keladilar. 
"U chempionatdagi eng yaxshi hujumchi va dunyodagi eng yaxshilardan biri" - degandi Krishtianu Ronaldu. Benzemaning yana bir jamoadoshi Marseloning fikrini o‘qib ko‘ring: "Bizning himoyamiz Benzemadan boshlanadi, u biz himoyachilarning ishini osonlashtiradi. Raqib futbolchilari jarima maydoni yaqiniga kelganda, ularda hujum qilishga kuch ham qolmagan bo‘ladi"
"U hech qachon Krishtianu kabi bir yilda 60 gol urmaydi. Ammo uning jamoadoshlari bilan birga o‘yini va jamoaga kerakli yo‘nalishda harakatlanishi ajoyib" - bu Zidanning gapi. Xolislik uchun, fransiyalik murabbiyning hali Benzemaga ustoz bo‘lmasidan oldingi fikri olindi. 

Pako Ayyestaran hech qachon Benzema bilan birga ishlamagan, u ham fransiyalik hujumchining ustunliklarini osonlik bilan payqadi. 
"Real" doim Benzema maydonda ekanida yaxshiroq o‘ynaydi. U to‘pni juda yaxshi ushlab tura oladi, hujumdagi har uchala zonada ham qachon va qanday ochilishni zo‘r his qiladi. U to‘pning u jamoadan bunisiga o‘tish jarayonida benazir, shuningdek, maydonning har bir qismida son bo‘yicha ustunlik yarata oladi" - deb Benzemaning o‘yinidan zavq olishini yashirmayda Pako. 
Benzemaning saviyasidagi bahslar shunchaki Linekerning aqlli ispanlar bilan qarama qarshiligi emas, bu yanada kattaroq, futbolga bo‘lgan ikki xil - muxlisona va professional qarashlar o‘rtasidagi ziddiyatdir. Benzemaning tanqidchilarga qo‘yidagi javobi masalani ko‘proq oydinlashtiradi. 
"Hammasi sizning futbolni qanday tomosha qilishingizga bog‘liq" - degandi u, - "men uchun futbol faqat gollardan iborat emas. Hujumchi jamoaviy o‘yinda ishtirok etishi, jamoadoshlari uchun ochiq zonalar vujudga keltirishi, uzatmalar amalga oshirishi ham kerak. Bilaman, meni doim urishim kerak bo‘lganidan kamroq gol urishda ayblashadi - to‘g‘ri, menga gol urish yoqadi, bunga intilaman, ammo birinchi navbatda jamoaga keltiradigan foydam haqida qayg‘uraman. Eng muhimi shu. Zamonaviy hujumchi jamoasiga gollardan ko‘ra ko‘proq narsani bera olishi lozim"

Benzemaning bu so‘zlari, ya'ni zamonaviy hujumchi atamasiga urg‘u berishi, albatta, 80-yillarda qolib ketgan Linekerga qaratilmagandi, ammo bu holatga juda zo‘r tushadi. Lineker aynan o‘sha eski futboldagi tipik egoist hujumchi obraziga juda mos keladi. Taktik jihatdan bu holat qo‘yidagicha izohlanadi - egoist hujumchi to‘p bilan ham, to‘psiz holda ham jamoasini bir kishi kam holatda qoldiradi, doim jarima maydoni yaqinida joylashgan holda o‘z vaziyatini kutadi va jamoasi kamroq vaziyat yaratgan taqdirda ham o‘sha vaziyatlarning eng ko‘piga ega bo‘ladi. Albatta, gollari soni ham ko‘proq bo‘ladi.  
Bunday hujumchilarni faqat gollari soni bo‘yicha baholash mantiqan to‘g‘ri. Lekin tan olish kerak, unday hujumchilarning davri o‘tdi. Demak, hujumchini baholash kriteriyalarini ham o‘zgartirish vaqti keldi. Muxlislar uchun ham. 
("Manchester Yunayted" bilan bog‘liq kattaroq misol keltiramiz, ungacha, shunchaki Ibrohimovich va Lukaku o‘rtasidagi farqni aytib o‘tish mumkin. Albatta, Zlatanni o‘sha eski "to‘qqizlik"larga qiyoslab bo‘lmaydi, ammo yoshi o‘tib, biroz kam harakatlana boshlagach, o‘tgan mavsumda aynan egoist hujumchi uslubida to‘p surgandi. Mavsumning shu davrida u 17 gol urgan va bu "MYu" kiritgan gollarining qariyb yarmini tashkil qilardi. Keyingi o‘rindagi goleador hisobida 5 gol bo‘lgan xolos. Bir qaraganda, Zlatan o‘z gollari bilan jamoani yelkasida olib yurgandek tuyuladi, ammo shvetsiyalik hujumchining aynan egoist rolda ekani yaratilayotgan vaziyatlarning aksariyat qismiga ega chiqishiga sabab bo‘lardi. Umumiy hisobda jamoa juda kam gol urgandi. 

Lukaku bilan "Manchester" o‘tgan yilgi shu vaqtga nisbatan deyarli ikki barobar ko‘p gol urdi. Lukakuning gollari soni esa, Zlatannikidan 2 taga kam. Golli uzatmalar Lukakuda 5 ta, Zlatanda 1 ta edi. Zlatan "MYu"ning 49 foiz gollarini urgan bo‘lsa, Lukakuning gollari 25 foiz ham chiqmaydi. Ammo Lukaku bilan "MYu" o‘yini kuchaydi, gol urish osonlashdi, Masalan, hozirda keyingi to‘purarlar - Lingard 11, Reshford 10, Marsiyal 9 gol urishga ulgurdilar)
Misol uchun Raulga ham, xuddi Lineker kabi yangi tipdagi hujumchilar yoqmasligi mumkin, ammo u yangi trendni payqay oladigan darajada aqlli. U bu masalani juda nozik tushuntirib bera olgandi:
"Hozirgi futbolda ajoyib hujumchilar an'anaviy "to‘qqizlik" bo‘la olmaydilar. Albatta bu menga yoqmaydi. Futbol o‘zgardi. Mening yoshligimda hamma gol urishni orzu qilardi. Hozirgi hujumchilar qaysidir ma'noda orqaroqqa ko‘proq qaytishga urinadilar. O‘yindagi eng muhim jihat nima qilib bo‘lsa ham, gol urish emas, jamoaviy o‘yin, sheriklar bilan bog‘lamlar bo‘lib qoladi. Oldinda turib olib, yaratilayotgan vaziyatlarni golga aylantirish bilan vasifa cheklanmayapti, murabbiylar hujumchidan o‘yinning har bir jarayonida ishtirok etishni talab qilmoqdalar. Benzema - biz bilgan an'anaviy to‘qqizlik emas"    
Benzemaning muxlisiga aylanish va uni boricha qabul qilish uchun bizga egoist hujumchilarning futbol olamida tutgan o‘rni halaqit beradi. Albatta, har qanday holatda, ko‘p gol uradigan hujumchilarni hech kim tanqid qila olmaydi. Gollar har qanday tanqidlarga eng munosib javobdir. Juda ko‘p gol uradigan hujumchining jamoa o‘yiniga salbiy ta'sir ko‘rsatishi (Zlatan misolida, masalan) doimo qabul qilinavermaydi va kulgi ostiga olinadi. Qandaydir baxonaga o‘xshab qoladi. Bunday holatda gol ura olmaydigan Benzemaning "Real" o‘yinini yaxshiroq qilayotgani haqidagi gaplarni qabul qilishingiz qiyin, albatta. 

Rud van Nistelroy - bu mavzuni ochish uchun eng aniq o‘rnak. U o‘z davrining eng samarali hujumchilardan biri bo‘lgan. Ammo uning tarkibda bo‘lishi jamoa o‘yiniga va natijalariga salbiy ta'sir ko‘rsatganining isboti va o‘sha davrda u bilan ishlaganlarning e'tiroflari ham bor qo‘limizda. 
"Old Trafford"dagi 5 yilda Rud 219 o‘yinda maydonga tushdi va 150 gol urdi. Ammo bu mavsumlar sarf va natija o‘lchovi bo‘yicha Aleks Fergyuson faoliyatidagi eng yomon davr edi - jamoa besh yilda atigi bir marta Angliya chempioni bo‘ldi. Nistelroyni sotgan Fergyuson keyingi besh yilda 4 chempionlik va bir marta Chempionlar Ligasini yutdi. Kamroq pul sarflagan bo‘lsa ham.  
Buni faqat Nistelroy bilan bog‘lashimiz sizga g‘alati tuyular va bir qator qarshi argumentlarni aytishingizga sabab bo‘lar, ammo Ser Aleksning o‘zi bu muammoni tilga olgan:
"Ba'zida Rud haddan tashqari xudbin" - degandi Fergyuson, 2002 yilda - "albatta, agar u xudbin bo‘lmaganida bir mavsumda 36 gol ura olmasdi. Ammo u doim to‘pdan ajralish uchun noqulay vaqtni tanlaydi - bu haqida u bilan gaplashdim. Rud agar gol urmasam, jamoaga foyda keltira olmayman, deb hisoblaydi. Gol ura olmasa, jahli chiqadi. Ammo u hali yosh, kerakli yo‘nalishlarda o‘sishi va rostan ham ajoyib hujumchi bo‘lib yetishishi mumkin" 
Qiziq, bir mavsumda 36 gol urish Fergyusonga bir hujumchini ajoyib deb hisoblashi uchun yetarli emas ekan. Murabbiy uchun gollar soni jamoaga keltirayotgan foydasini o‘lchashda u qadar ahamiyatli emas ekan. E'tibor bering, Fergyusonning bu tanqidiy fikrlari Nistelroy jamoadan ketganida emas, hali jamoada ekanida aytilgan. Ya'ni, kimnidir oqlash yoki qanaqadir tanqidlardan himoyalanish uchun, matbuot uchun aytilgan gaplar emas.  
Van Nistelroy Fergyuson urg‘u bergan oddiy haqiqatlarni tushunib yetmadi va oqibatda ajoyib hujumchi bo‘lib yetishmadi. "U ajoyib to‘purar bo‘lgandir, ammo hech qachon haqiqiy top futbolchi bo‘lmadi" - deb yozgandi shotlandiyalik murabbiy o‘z avtobiografiyasida. 

Van Nistelroyning "xudbinligi" jamoa o‘yiniga shu qadar salbiy ta'sir ko‘rsatganini 2006/07 mavsum so‘ngidagi Fergyusonning intervyusi ham isbotlaydi. O‘sha mavsumdan keyin jamoani tark etgan Roy Kin va Rud van Nistelroylarga izoh berar ekan, murabbiy Royning ketishi bilan bog‘liq qarorni qabul qilish oson bo‘lmaganini, uning jamoadagi ahamiyati juda katta bo‘lganini tan olar ekan, Van Nistelroydan voz kechish tabiiy hol sifatida yuzaga kelganini va umuman muhim qaror deb hisoblamaganini aytgandi. Bu so‘zlarda murabbiyning hujumchidan xafsalasi butkul pir bo‘lgani sezilib turardi. 
Fergyusonning bahosi - biroz dangal, ammo ancha obektiv tahlil xulosasi. "Rudni Lui Saa uchun qurbon qilishdi. Saa u qadar katta to‘purar emasdi, ammo juda ko‘p qora ishlarni qilar, har bir to‘p uchun kurashar, hujumni tezlashtirar va ochilgan zonalarda doim paydo bo‘lardi. Rud men birga o‘ynagan hujumchilar ichida eng zo‘rlaridan biri, ammo hozir baho bersak, uning ketishi jamoa o‘yiniga ijobiy ta'sir o‘tkazgandi" - deb eslaydi Gari Nevill. 
Ikki xil hujumchining farqini shunday tushuntirish maqsadga muvofiq: Nistelroy "gol urish mumkin bo‘lgan har qanday zonalar"ga ochilib, to‘pni qabul qilishga harakat qiladi. Benzema esa, "paydo bo‘lgan har qanday zona"ni to‘ldirish orqali, raqib himoyasini qiyin ahvolga soladi, sheriklariga yangi bo‘sh zonalar va kombinatsiya uchun ochiq xududlar paydo qiladi. 
Rudning "gol urolmadingmi, demak yomonsan" mentaliteti ko‘proq Lineker tilga olgan fikrga, ko‘proq muxlisona qarashga yaqinroqdir. Ammo murabbiy nuqtai nazaridan keskin farq qiladi. Aleks Fergyuson Van Nistelroydan ko‘ra, Lui Saa yoki Denni Uelbek kabi hujumchilar bilan kuchliroq, samaraliroq jamoa qurish osonroq ekanini isbotlay oldi. 
Qiziq fakat, "MYu"dan ketganidan uch yil o‘tib, Rud "Real" safida Karim Benzemaning ilk goliga asissentlik qildi. Shu orqali yana Benzema mavzusiga o‘tib olamiz. 

Xo‘sh, Benzema top hujumchimi?
Benzema - Van Nistelroyning butkul aksi. Rud van Nistelroy shuncha gollari bilan ham to‘liq ma'nodagi top futbolchiga aylana olmagan bo‘lsa, Benzema uchun gollar butunlay ikkinchi darajali masala. Benzema o‘yinidagi pasayishlardan birini Zidan qo‘yidagicha izohlagandi:
"Karim boshqalarga gol urishda yordam bermoqda. Albatta, uning o‘zi ham ko‘p gollar urishini istaymiz, ammo uning o‘yinidagi eng muhim jihat, boshqalarga yaxshiroq o‘ynashga yordam berayotganidir"
Bu mantiq bilan Benzemaning top yoki top hujumchi emasligini o‘lchash oson. "Real"ning jamoaviy yutuqlari. Karim Benzema bilan tarkibda, "Real" so‘nggi to‘rt yilda uch Yevropa Chempionlar Ligasini, La Ligani, Ispaniya kubogini va bir qancha superkuboklar-u klublar o‘rtasidagi jahon chempionatlarini yutib oldimi? Yana nima muammo? Albatta, Benzema - top hujumchi. 
Benzemaning muhimligini Karlo Anchelotti ham juda to‘g‘ri tushuntirgandi: "Karim o‘yin uslubimizning markazi edi. Odamlar uning hujumchi sifatida ko‘rishadi, lekin unda aqlli yarim himoyachida bo‘ladigan barcha jihatlar mujassam edi. U kabi keng qamrovli futbolchilar ko‘p emas. U o‘yinimizni bog‘lab turardi. Uning maydonga tushmasligi "Real" o‘yini sifatini va uslubiga juda qattiq zarba bo‘lardi"

Benzemaning "Real" uchun ideal hujumchi ekanini isbotlovchi va shu davrda "Real"da ishlagan Anchelotti, Zidan va hatto Benites tomonidan alohida e'tirof etilgan asosiy xususiyatlari qo‘yidagilardir:
- orqaroqqa va qanotlarga harakatlanish orqali, himoyachilarni o‘z ortidan ergashtiradi va muhimi, u bu harakatlar uchun juda qulay vaqtni payqay oladi
- vaziyatga bog‘liq holda yarim himoyachi yoki vinger pozitsiyasiga tushib qolganda o‘zini yo‘qotmaydigan darajada yuqori texnika sohibi
- qarshi hujumlar paytida to‘g‘ri ochilishni biladi va tezkor sheriklariga ochiq zonalar yarata oladi.  
- pressingda ham, pozitsion himoyalanishda ham tinmay mehnat qiladi. 
Mana sanab o‘tilgan jihatlar jamlanmasi bo‘yicha u dunyoda eng yaxshilardan biridir. Benzemaning maydondagi vazifalari haqida bizdan yaxshiroq biladigan Zidan hujumchini aynan mana shu yo‘nalishda baholashni, vaziyatlardan foydalanish yoki gollarning soniga qaramaslikni maslahat bermoqda. 
Tanganing boshqa tomonini tilga olmaslik mumkin emas. Benzemaning bu uslubi unga doimiy baxonaga aylanmasligi kerak - gol urdi, qoyil, urolmadi, baribir qoyil, chunki yaxshi himoyalanadi, sheriklariga imkon beradi va hokazo hokazo, deyish ham noto‘g‘ri. Albatta, Karimda ham o‘ta omadsiz o‘yinlar bo‘ladi. Faqat bu omadsiz o‘yinlar o‘sha o‘yinda kiritgan yoki kiritilmagan gollar bilangina o‘lchanmasligi kerakligi aytilmoqda xolos. "Real"da ishlagan murabbiylar doimiy ravishda Benzemaga ishonib kelmoqdalarmi, demak bunday o‘yinlar aslida biz o‘ylagan darajada ko‘p emas. Benzema o‘z o‘yini bilan jamoa o‘yinini kuchaytirishi shubhasiz ekanini tan olgan holda, uning xavfli vaziyatlarni golga aylantirish qobiliyati o‘rtacha hujumchidan ham pastroq ko‘rinayotganini qayd etamiz, albatta. Ammo Benzema "Real"da doim ikkinchi to‘purar maqomida ekanini hamma qabul qiladi - u penalti yoki jarima to‘pi tepmaydi, teng vaziyatda to‘p uzatilishi mumkin bo‘lgan asosiy manzil emas, shunday bo‘lsa ham 256 o‘yindan 124 gol - bu "Real"ning barcha davrlardagi ikkinchi to‘purarlari ichida eng yaxshi ko‘rsatkich. O‘z jamoalarida ikkinchi to‘purar bo‘lgan zamonaviy hujumchilar ichida faqat "Barselona"dagi Suaresning natijasi yaxshiroq xolos.  
Egoist va keng qamrovli hujumchi o‘rtasidagi bahs davom etaveradi. Bugungi "Real"ga ularning qaysi biri kerak ekani haqidagi fikrlarda Benzema hozircha ustunroqdek. To‘g‘ri, ba'zida egoist hujumchilar zarur bo‘lgan pallalar keladi, masalan, jamoa yarim himoyada raqibni butkul yengishi va jarima maydonidan qimirlamay, o‘z vaziyatini poylaydilan "ovchi"lar lozim bo‘lib qolishi mumkin. Ammo bunday o‘yinlar kamayib bormoqda. Ayniqsa, el-klasikolar haqida gap borganida, Benzema bunday o‘yinlar uchun ayni muddao ekanini e'tirof etish kerak. Uning "Barselona"ga qarshi o‘yinlarda maydonda eng yaxshilardan bo‘lishi tasodif emas. Masalan 2014 yilning oktabridagi o‘yin - Benzema yorqin o‘yini bilan hatto Ronaldu va Messini soyasida qoldirib ketgan. Yoki 2015 yilning baxoridagi o‘yinni eslash mumkin, Benzema "Real" tarkibida eng yaxshi futbolchi bo‘lgan, faqat sheriklarining vaziyatlardan foydalana olmasligi jamoa g‘alabasiga halaqit bergandi. Avgust oyidagi superkubok o‘yinlarida Benzema porladi. Javob o‘yinida o‘zi gol urish bilan birga, himoyalanishdagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha mavsumdagi eng zo‘r natijani qayd etdi. 

Shubhasiz, futbol o‘yiniga, ayniqsa hujumchiga gollar yordamida baho beradilar. Fergyuson yoki Zidanning fikrlari qanchalik aniq va mantiqli yangramasin, baribir, Benzema qulay vaziyatlardan foydalana olmas ekan, "Real"ga g‘alaba olib keladigan hal qiluvchi gollarga mualliflik qilmas ekan, narigi tarafning asoslarini ham qabul qilishga majbur bo‘lib qolaveramiz. 
Ular beshafqat. Yaqinda, "Arsenal" - "Chelsi" o‘yinida Alvaro Morata uchta yuz foizli vaziyatni golga aylantira olmadi va o‘yin 2:2 hisobida tugadi. Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda bir hazil tarqaldi. "Chelsi" o‘yinchisi Eden Azarning naqadar omadsiz ekani ta'kidlangan va uning "Chelsi"dagi sherigi Morata, terma jamoadagi sherigi Lukaku, balki bo‘lajak jamoasidagi sherigi Benzema bo‘lishi mumkinligi asos qilingan. Bechora Azar...
Morata yoki Lukakuni bilmadik, ammo dunyodagi eng baxtli ikki futbolchidan biri aynan Azar o‘ynaydigan pozitsiyada Benzema bilan 8 yildan beri birga to‘p surib, uch yuzga yaqin gol muallifiga aylanganiga e'tibor qaratsak...

sports.ru materiali asosida Q.Aslanov tayyorladi   

Top