20:04 / 07.01.2018
29827

AQSh Pxenyanning imkoniyatlarini yetarlicha baholamaganini tan oldi – OAV

Foto: Koreya Markaziy axborot agentligi

AQSh maxsus xizmatlari Shimoliy Koreyaning raketa-yadroviy dasturini rivojlantirishdagi imkoniyatlarini yetarlicha baholamaganlarini tan oldilar. Bu haqda xavfsizlik xizmatlari va hukumatdagi manbalarga iqtibos keltirgan holda The New York Times nashri xabar bermoqda.  

Razvedka xizmatlari Donald Trampga prezidentligining boshida Shimoliy Koreyada AQSh hududiga yeta oladigan raketani yaratish jarayoni 4 yilgacha vaqt olishini va bu ularga bu jarayonni sekinlashtirish yoki umuman barbod qilish uchun yetarlicha vaqt berishini ma'lum qilishgan.  

Biroq yarim yil o‘tib Shimoliy Koreya Yaponiyaning Xirosima shahriga tashlangan bombadan 15 marta kuchliroq bo‘lgan vodorod bombasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgan. Nashrning ta'kidlashicha, Pxenyan, shuningdek, raketalari AQShning Guam oroliga, so‘ngra mamlakatning g‘arbiy sohillariga yetib bora olishini namoyish qildi.    

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh razvedkasining Pxenyanning yutuqlarini oldindan to‘g‘ri aytib bera olmagani Shimoliy Koreyaga bunday qurolni yaratish uchun boshqa davlatlarga sovuq urushi davrida ketgan vaqt ketadi, deb o‘ylashi bilan bog‘langan. Maxsus xizmatlar Shimoliy Koreya xorijiy ishlanmalardan foydalana olishi mumkinligini hisobga olishmagan va u tomondan 2016 va 2017 yillarda ko‘plab raketa sinovlari o‘tkazilganiga yetarlicha e'tibor berishmagan. AQSh ma'muriyati va maxsus xizmatlarining amaldagi va sobiq xodimlari bu holatni “Amerikaning eng yirik xatosi” deb atashmoqda. 

Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Gerbert Makmasterning aytishicha, Tramp maxsus xizmatlarning bu xatosidan tashvishlanmayapti va “imkoniyatlar va istaklar borasida mukammal razvedkaning iloji yo‘qligini tushunmoqda”. Nashrning ta'kidlashicha, amaldagi prezident oldida undan avvalgi prezidentlar ham duch kelgan muammo turibdi, biroq unda bu muammoni hal qilish uchun vaqt ancha ziqroq.

Top