22:24 / 07.01.2018
122751

Bankomatdan pul yechib olish miqdori oshirildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan ayrim aksiyadorlik tijorat banklari bankomatlari orqali bank plastik kartochkalaridagi mablag‘larni kunlik naqd pul ko‘rinishida yechish cheklovi 300 ming so‘mgacha oshirildi. 

Kun.uz axborot manbasining xabar qilishicha, ba'zi banklarga tegishli bankomatlar orqali mablag‘larni naqdlashtirishdagi kunlik cheklovlar umuman bekor qilingan. Ma'lum qilinishicha, bunday amaliyot tijorat banklari tomonidan mustaqil bajarilib, mazkur cheklov turlicha ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Ayni chog‘da, ushbu xizmatdan foydalanishda naqdlashtirilishi nazarda tutilgan summaning 1 foizi miqdorida komissiya to‘lovi ushlab qolinishi joriy qilingan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 sentabrdagi “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturining ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasi tijorat banklari bilan birgalikda amaldagi bank xizmatlariga belgilangan tariflarni qayta ko‘rib chiq​qandi. Shuningdek, Markaziy bankning tavsiyaviy tarif rejalarida bank plastik kartalar orqali bankomatlardan bank plastik kartochkasidagi mablag‘larni naqdlashtirishda komissiya to‘lovi olinmasligi talabi 2017 yil 12 dekabrdan rasman bekor qilingan.

Top