19:07 / 07.01.2018
7224

OAV: Eron Telegram’dan taqiqni oldi

Foto: RIA Novosti / Kirill Kallinikov

Eron hukumati mamlakatda hukumatga qarshi namoyishlar sababli Telegram messenjeriga kiritilgan taqiqni to‘liq olib tashladi. Bu haqda 6 yanvarda Fars axborot agentligi ma'lum qildi. 

Axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Instagram va Telegram ijtimoiy tarmog‘iga kirish Eron milliy xavfsizlik oliy kengashi qarori bilan 31 dekabrda kiritilgan vaqtinchalik taqiq bekor qilingandan keyin ochildi. Instagram’dan taqiq 5 yanvarda olingan.   

Avvalroq Eronning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vaziri Muhammad Javod Ozori Jahrumiy agar “terrorchilar kanallari” yopilmasa, Telegram’ni to‘liq bloklash bilan tahdid qilgandi. Eron Majlisi prezidiumi vakili Bahrus Ne'matiyning tushuntirishicha, parlament a'zolari messenjerning taqiqlanishi uzaytirilishini qo‘llab-quvvatlamaganlar va unga doimiy asosda kirishni taqiqlashga qarshi chiqqanlar. Ne'matiyning ta'kidlashicha, dastur Eron halqi dushmanlari tomondan qo‘llangani sababli to‘silgan, shu munosabat bilan Telegram rahbariyatini bunday hodisalarga qarshi qat'iy choralar ko‘rishga chaqirgan. Aks holda Eron hukumati boshqa shunga o‘xshash servislarni qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin.

Eronda hukumatga qarshi namoyishlar 28 dekabrda boshlangandi. Mamlakatning turli shaharlaridagi namoyishchilar narx-navo ko‘tarilishidan norozilik bildirishgan. 

Top