15:46 / 08.01.2018
14717

Xitoy qirg‘oqlari yaqinida yonayotgan Eron tankeri portlashi mumkin

Foto: Xinhua

Xitoy qirg‘oqlari yaqinida ikki kemaning to‘qnashib ketishi natijasida halok bo‘lgan birinchi insonning jasadi qutqaruvchilar tomonidan topildi. Bu haqda Reuters Eronning ISNA agentligiga tayangan holda xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, dengizchining jasadi neft tankeridan topildi, u to‘qnashuvdan so‘ng yonishda davom etmoqda. Jasad Shanghayga olib ketiladi va o‘sha yerda halok bo‘lganning shaxsi aniqlanadi.

Ayni damda qutqaruvchilar jamoasi olovni o‘chirishga urinmoqda. Shuningdek, ekipajning bedarak yo‘qolgan 30 dan ortiq a'zosini qidirish ishlari davom ettirilmoqda.

CCTV xabariga ko‘ra, Xitoy qirg‘oqlari yaqinida quruq yuk tashiydigan kema bilan to‘qnashib ketganidan so‘ng o‘t ichida qolgan Eron tankeri portlab ketishi ham mumkin.

Portlash xavfi haqida ekspertlar ogohlantirishgan. Ularning fikricha, kema cho‘kib ketishi ham ehtimolga yaqin bo‘lib turibdi.

Bundan tashqari, ekspertlar qutqaruvchilarni to‘qnashuv yuz bergan joyda zaharli gazlar chiqishi mumkinligidan ogohlantirishgan.

Top