00:00 / 08.01.2018
52136

Ichimlik suvidan mosuvo insonlar nima qilsin?

Inson hayotida toza ichimlik suvining o‘rni beqiyos. Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, mavjud ichimlik suviga ham qayta ishlov beriladi, aholini sifatli va to‘yintirilgan suv bilan ta'minlash ustuvor vazifa hisoblanadi.

Singapur suvni qayta ishlash borasida eng katta muvaffaqiyatga erishgan. Masalan, Singapur – Malakka yarim orolining janubida joylashgan kichik mamlakat. 2003-yilda mamlakatda suvni qayta ishlash bo‘yicha birinchi tashkilot – NEWater ish boshlagan. Unda tozalash uskunalari va suvni tayyorlash stansiyalari mavjud: bu yerda aholi va korxonalardan oqova suvlar keladi va tozalanadi. Rezervuarga kelib tushishdan avval, oqova suv tozalashning mikrofiltratsiya, ultrabinafsha bilan zararsizlantirish kabi bir necha qo‘shimcha darajalaridan o‘tadi.

Namibiya – suvni qayta ishlashning yana bir muvaffaqiyatli misoli. Afrikaning eng qurg‘oqchilik kuzatiladigan mamlakatida suv muammosi deyarli yarim asr avval hal etilgan. 1969 yilda respublikadagi eng yirik shahar – Vindxukda shunday zavod qurilgan. Zavod fuqarolarning ichimlik suviga bo‘lgan 35 % talabini qondiradi va suv iste'moli tufayli kasalliklar yuzaga kelishi qayd etilmagan.

O‘zbekistonda yuz berayotgan hodisa esa mitti Singapur yoki Namibiyadagi vaziyatdan tubdan farq qilmoqda. Negaki, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumaniga tashrif buyurgan ijodiy jamoa bamisoli XX asr yoki undan ham avvalgi davrga tushib qolganini his etib, «Toshkent» MFY Yoshlik ko‘chasiga kirib borishi bilan loyga botgan yo‘lda suv tashib ketayotgan ayolga ko‘zi tushdi.

Tahririyatimizga murojaat yo‘llagan shaxs ham Mirzaobodda ichimlik suvi muammosiga mutasaddilar panja orasidan qarab kelishini bayon etgandi. Uning so‘zlarida jon borga o‘xshaydi, negaki, Yoshlik ko‘chasida istiqomat qiluvchi 70ta xonadon vakillari 4 yildan buyon tabiiy suv ta'minotisiz yashashga majburligini ta'kidlab o‘tdi.

«Qariyb 1 km masofadagi ko‘cha boshida gidrantdan suv oqadi. Har kuni oiladan bir kishi shu ish bilan mashg‘ul, kir yuvish, ovqat tayyorlash, shaxsiy ehtiyojlar qo‘yinki, hammasi uchun suv keltirishi kerak. Buning ustiga MFY vakili har oyda «gidrantdan oqib turgan suvdan foydalanganimiz uchun» kishi boshiga 1500 so‘mdan to‘lovni undirib ketadi», deb so‘zlab berdi mahalla faoli.

Ma'lum qilinishicha, Yoshlik ko‘chasida yashovchi aholi yoz kunlari yo‘l yoqasidan oqib o‘tgan ariqdagi suvdan ham foydalanadi. Ammo, kunlar sovishi bilan ariqdagi suvning bosimi ham pasayadi, qolaversa, sifati ancha buzilgan.

Masalani ortiqcha so‘zlar bilan ta'riflashga hojat yo‘q. Biz porloq kelajakni Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida o‘tin terib yurgan bolalar bilan qurmaymiz, deb ta'kidlagandik. Aftidan, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidan ham buyuk allomalar chiqish ehtimoli yaqin. Ammo, lekin, biroq... Magar bolalar suv tashish, o‘tin terish kabi ishlar bilan mashg‘ul ekan, poytaxt markazida zamonaviy osmono‘par binolarni qurish, falon tonnalik megapalovni tayyorlashu, xorijiy san'atkorlarni O‘zbekistonga olib kelishning bir tiyinlik qadri yo‘q. Axir, xalqni rozi qilish uchun artist yoki propiskasiz yurib bo‘lmas poytaxt emas, balki ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr energiya ta'minotida ijobiy o‘zgarish yaratilsa, bas. Mayin shabbodaning esgani shundan dalolat beradiki, bunday o‘zgarishlarni yaratishga qodir siyosiy iroda kuchaydi, xalqning ishonch va umid shamchirog‘i ham yonganday.

Top