20:03 / 08.01.2018
22759

Soliq tizimida «soliq ta'tili» va «halol soliq to‘lovchisi» tushunchalari paydo bo‘ldi​​

Foto: Fotolia

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 54, 55 va 354-moddalariga vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan halol soliq to‘lovchilarga – xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga soliq ta'tillarini berish tartibini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Ushbu tasnifdagi soliq to‘lovchilar sirasiga oxirgi ikki yil ichida soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarib ayni vaqtda vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan soliq to‘lovchilar kiradi.

Yangi kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, soliq ta'tillari tegishli qaror qabul qilingan kundan e'tiboran yigirma to‘rt oygacha bo‘lgan muddatga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash, soliq majburiyatlarini bajarish muddatlarini o‘zgartirish ko‘rinishida taqdim etiladi.

Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan va muqaddam tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi natijasida yuzaga kelgan soliq qarzdorligiga ega bo‘lgan fuqarolarga - jismoniy shaxslarga bankrotlik qo‘llanishi belgilanib, bu borada Fuqarolik kodeksining 26-moddasiga, Soliq kodeksining 62-moddasiga hamda «Bankrotlik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 27ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Top