18:46 / 08.01.2018
14253

Toshkent shahrida saylov nihoyasiga yetdi. Bilishingiz zarur bo‘lgan barcha ma'lumot

Foto: O‘zA

Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylovlar o‘z nihoyasiga yetdi. Mazkur saylovda Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan 1 million 560 mingdan ziyod saylovchilarning 1,267 mingdan oshiqrog‘i ishtirok etdi. Bu haqda Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini yoritish bo‘yicha yagona matbuot markazidan Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, tashkil etilgan jami 330ta saylov okrugidan deputatlar to‘liq saylandi va ro‘yxatga olingan umumiy saylovchilarning 81,2 foizi mazkur siyosiy tadbirda ishtirok etdi. Dastlabki ma'lumotlarda ko‘ra, saylovda 1 million 188 ming 851 nafar saylovchi ishtirok etgan. Bu ro‘yxatga kiritilgan umumiy saylovchilarning 76,2 foizini tashkil etishi ta'kidlangandi.

Saylangan deputat haqidagi ma'lumotlarni tahlil qilinganda, ulardan 76 nafari ayol, 254 nafari esa erkak kishini tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, 24 dekabr kuni Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlari a'zolarini saylash jarayoni tashkil etilgandi. Ana shunda, Kun.uz muxbiri tomonidan Uchtepa tumanida joylashgan 26-oilaviy poliklinika binosida tashkil etilgan, 10-Zakovat saylov okrugiga qarashli 24-saylov uchastkasidagi mutasaddi vakillar milliy qonunchiligimiz talablarini ochiqchasiga buzilishiga yo‘l qo‘ygani aniqlangan. Shundan so‘ng, saylovga mas'ul bo‘lgan mutasaddi vakil ushbu holatga izoh bergandi. 

“Saylov uchastkasida yozib olingan video lavhalar tahlil etilib, haqiqatan oilaviy ovoz berish holati oz sonli saylovchilarda kuzatilgani sababli, ovoz berish jarayonining yakuniy natijasiga ta'sir qilmagani o‘rganib chiqildi”, deb fikr bildirgan Uchtepa tuman saylov komissiyasi raisi G‘. Raximov.

Mutasaddilar takroriy ovoz berish jarayonini o‘tkazishda qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan barcha uchastka saylov komissiya a'zolariga tegishli tavsiyalar berilgani haqida ma'lumot berishgandi.

Top