22:10 / 09.01.2018
15543

2018 yilgi davlat dasturi loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi

«Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturi loyihasi umumxalq muhokamasiga taqdim etildi. Hujjat bilan «Taraqqiyot strategiyasi» Markazi tomonidan maxsus yaratilgan 2018.strategy.uz veb-saytida tanishish hamda fikr va takliflarni bildirish imkoni mavjud. Bu haqda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ma'lum qildi.

Skrin: «Taraqqiyot strategiyasi» markazi

Dastur loyihasi 237 banddan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlisga taqdim etgan murojaatnomasida keltirilgan asosiy g‘oya va takliflar, shuningdek 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalarni inobatga olgan holda ishlab chiqildi.

Jamoatchilik muhokamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 dekabrdagi «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishiga ko‘ra shu yilning 15 yanvariga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Keng jamoatchilik vakillari, mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida bo‘lib o‘tadigan muhokamalar doirasida turli anjuman va davra suhbatlari tashkil etiladi. Shuningdek, muhokamalar OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda ham muntazam o‘tkazib boriladi. Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamalari natijalari tahlili va kelib tushgan takliflar asosida yanada takomillashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi ham jamoatchilik muhokamasidan so‘ng qabul qilingan edi.

Top