21:00 / 09.01.2018
28710

Markaziy bank faoliyatining ustuvor 7ta yo‘nalishi belgilandi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan tegishli farmon bilan Markaziy bankning faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari tasdiqlandi. Bu haqda hukumatdagi axborot manbasi tayanib Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Ma'lum qilinishicha, Markaziy bank faoliyatining strategik maqsadli yo‘nalishlari sifatida narxlar barqarorligi, bank tizimi barqarorligi va rivojlanishi, to‘lov tizimi barqarorligi va rivojlanishi e'tirof etilgan.

Amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida Markaziy bank faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi.

Birinchidan, asossiz inflyatsion kutilmalarning oldini olish maqsadida inflyatsion targetlashning prinsip va mexanizmlarini bosqichma-bosqich tatbiq qilish bilan pul-kredit siyosati va uning instrumentlarini tubdan takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Ushbu usulga o‘rta muddatli istiqbolda to‘liq o‘tish va pul-kredit sohasida amalga oshirilayotgan siyosat va choralarning shaffofligini oshirish belgilangan.

Ikkinchidan, inflyatsiya omillarini chuqur o‘rganish va to‘lov balansini hisobga yuritish va tahlil qilish tizimini to‘liq shakllantirish asosida pul-kredit siyosatini shakllantirish kutilmoqda. Shuningdek, to‘lov balansini qabul qilish va amalga oshirish uslublarini takomillashtirish maqsadida statistik, tahliliy va tadqiqot bazasini rivojlantirishga yo‘l ochib beriladi.

Uchinchidan, bank tizimini tartibga solish va nazorat qilish mexanizmlarini, shu jumladan tijorat banklar faoliyatida yuzaga keladigan muammolarni dastlabki bosqichlarda aniqlash va ularni bartaraf etuvchi choralar ko‘rish imkonini beruvchi tijorat banklar tavakkalchiligini boshqarish va baholash tizimini takomillashtirish belgilanmoqda.

To‘rtinchidan, o‘rta va uzoq muddat istiqbollarda iqtisodiyotni barqaror o‘sishini ta'minlovchi muhim tarkibiy qism sifatida bank tizimini rivojlantirish, tijorat banklar va tadbirkorlik sub'yektlarining o‘zaro to‘liq sheriklik munosabatlarini shakllantirishi aytilmoqda. Aholining bank tizimiga ishonchli institutsional sherik sifatida ishonchini mustahkamlash uchun raqobat sharoitlari yaratiladi.

Beshinchidan, to‘lov tizimini yanada rivojlantirish, shu jumladan real vaqt rejimida tezkorlik bilan hisob raqamlari boshqarish va bank operatsiyalarini o‘tkazish imkonini beruvchi masofadan bank xizmatlarini ko‘rsatgan holda tijorat banklarning samarali axborot almashinuvi tizimi tashkil etiladi.

Oltinchidan, nobank kredit tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini kuchaytirish, shuningdek ularning faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Yettinchidan, bank xizmatlari iste'molchilari huquqi va qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlash, aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga moliyaviy ochiqlikni va ularning savodxonlik darajasini oshirish ustuvor vazifaga aylanmoqda.

Top