15:03 / 09.01.2018
18136

Shavkat Mirziyoyev futbolchi bo‘lish istagidagi bolakayning orzusi ushalishiga ko‘mak berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangiyo‘llik yosh bolakayning orzusini amalga oshirdi. Bu haqda «Bunyodkor» rasmiy sayti xabar tarqatdi.

Gap shundaki, joriy yilning 5 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahriga safar uyushtirdi. Unda prezident «Fayzli» mahallasida istiqomat qilayotgan aholi bilan uchrashib, turli xil masalalarda suhbatlashdi. Suhbatdoshlardan biri,  yosh bolakay Komiljon Ismoilov muloqotda  orzusi «Bunyodkor» futbol maktabi tarbiyalanuvchisi bo‘lish ekanligini aytdi. Shavkat Mirziyoyevning  bolakayga «orzuing amalga oshdi deb hisoblayver», deya ishonch bilan ta'kidlashi,  o‘smir futbolchiga olam-olam quvonch ulashdi.

Shundan so‘ng, «Bunyodkor» futbol klubi rahbariyati Yangiyo‘l shahri «Fayzli» mahallasida yashovchi Komiljon Ismoilov bilan bog‘lanib, uni «Bunyodkor» futbol maktabiga taklif etdi. Buyuk futbolchi bo‘lish orzusidagi Komiljon «Bunyodkor» futbol klubiga tashrif buyurdi.

«Prezidentimiz bilan uchrashuv hayotimni butkul o‘zgartirib yubordi. Yangiyo‘lda 3-4 yildan beri futbol bilan shug‘ullanib kelaman. O‘zimni yangi qirralarimni kashf etish va yanada kuchliroq bo‘lish istagida «Bunyodkor» akademiyasida tahsil olish orzularimdan biri edi.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, menga shunday tuhfa ato qildiki, hozirda juda baxtiyorman. O‘zim «Bunyodkor»ning ashaddiy ishqiboziman! Jamoa tarkibidagi Rustamjon Ashurmatov va Akramjon Komilovning hatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatib boraman. O‘ylaymanki, men ham xuddi shu akalarim singari yaxshi futbolchi bo‘lib, Vatanim bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishga bor kuchim, iste'dodim bilan harakat qilaman.

Menga «Bunyodkor» futbol klubi rahbarlari aloqaga chiqishdi va jamoaga taklif etishdi. Bugundan «Bunyodkor» futbol maktabiga qabul qilindim. Endi bor etiborimni futbol sir-asrorlarini o‘rganishga qaratib, bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilaman», - deydi yangiyo‘llik 12 yoshli Komiljon Ismoilov.

Top